O‘zbekiston | 19:36 / 14.02.2025
29951
7 daqiqa o‘qiladi

AQSh O‘zbekiston fuqarolarini Panamaga deport qildi

AQSh hukumati osiyolik muhojirlarni davlatdan tezroq chiqarib yuborish uchun Panamaga deport qilishni boshladi. Birinchi guruhda o‘zbekistonliklar ham bor. NYT Osiyo davlatlari o‘z fuqarolarini qabul qilishni istamagani, bu esa deportatsiya jarayonida qiyinchiliklar tug‘dirgani haqida yozdi. AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi Kun.uzʼga izohida nashrning bu xabarini qat’iy rad etdi.

Deportatsiyani tezlashtirish va yuzaga kelayotgan qiyinchiliklarning oldini olish uchun AQSh Osiyodagi qator davlatlar fuqarolarini Panamaga deport qila boshladi. The New York Times’ning yozishicha, ular asosan davlati qabul qilishni istamagan muhojirlar.

Ma’lum bo‘lishicha, Panamaga birinchi samolyot Kaliforniyada havoga ko‘tarilgan. Migrantlar ichida Xitoy, Pokiston, Afg‘oniston va O‘zbekiston fuqarolari bor. Panamaga deportatsiya davlat kotibi Marko Rubioning o‘tgan hafta Panamaga amalga oshirgan tashrifi hamda Trampning kanalni olib qo‘yish tahdidlari ortidan yuz bermoqda, deb yozadi nashr.

Birinchi reysdagi 100 dan ortiq muhojirlar AQShga noqonuniy ravishda kirib kelgan. Ko‘pincha Qo‘shma Shtatlar uchun muhojirlarni bu davlatlar (Xitoy, Pokiston, Afg‘oniston va O‘zbekiston)ga qaytarish qiyin, deya qo‘shimcha qiladi The New York Times.

Panama prezidenti Xose Raul Mulino 13 fevral kuni ertalab bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida «dunyodagi xilma-xil millatlar»ga mansub bo‘lgan 119 kishi bir kechada AQSh harbiy-havo kuchlari reysi bilan Panama shahri tashqarisidagi aeroportga qo‘nganini tasdiqladi.

Ular mahalliy mehmonxonaga joylashtirilgan va tezda Panama sharqidagi Dariyen provinsiyasidagi boshpanaga ko‘chiriladi. Bu jarayon esa Xalqaro migratsiya tashkiloti nazoratida olib boriladi hamda muhojirlar shu yerdan vataniga qaytariladi.

«Biz ularni imkon qadar tezroq u yerdan olib chiqishlariga umid qilamiz. Bu Panamaning migratsiya masalalariga qo‘shayotgan yana bir hissasi», dedi prezident Mulino.

Ma’lum bo‘lishicha, reyslarni AQSh moliyalashtirmoqda, muhojirlar Panamadan vataniga qaytishi sarf-xarajatlarini ham Vashington o‘z zimmasiga oladi.  

Trampning o‘ta keskin tahdidlari va kuchli diplomatik bosimi ortidan Lotin Amerikasi davlatlari AQShga yordam bermoqda. Bu muhojirlarni ommaviy olib chiqish siyosatida yangicha metodni paydo qilishi mumkin. Biroq tili va madaniyati o‘zga davlatga jo‘natilgan muhojirlarning Panamada taqdiri qanday kechadi, bu so‘roq ostida qolmoqda, deb yozadi NYT.

Panama hukumati kelgusi hafta muhojirlarning navbatdagi guruhini Gaple janubidagi kichik shaharchaga yuborish taklifini ham e’lon qildi.

13 fevral kuni Panama prezidenti jurnalistlarning savollariga javob berarkan, harbiy-havo kuchlarining yana ikkita samolyoti yaqin kunlarda Panamaga jami 360 ga yaqin muhojirni olib kelishini ma’lum qildi. Xalqaro migratsiya tashkiloti Panama hukumati iltimosiga binoan yaqinda kelgan muhojirlarga yordam ko‘rsatayotganini aytdi. Ta’kidlanishicha, u muhojirlarga yordam berish, shu jumladan, o‘z mamlakatlariga qaytarish uchun mahalliy rasmiylar bilan ish olib bormoqda.

Tramp ma’muriyati deportatsiyani tezlashtirish uchun muhojirlarni nafaqat Panama, balki Salvador va Gvatemalaga ham chiqarib yuborishni rejalashtirmoqda. Ikki davlat bunga rozi bo‘lgan. Ayni paytda administratsiyadagilar boshqa Markaziy va Lotin Amerikasi davlatlari bilan buni jiddiy muhokama qilmoqda.

Tahlilchilar Qo‘shma Shtatlar muhojirlarni yanada yomonroq sharoitlardagi joylarga yuborishi mumkinligidan ogohlantiryapti. Masalan, Salvador hibsga olingan insonlar huquqlari poymol qilinadigan davlat sifatida ayblab kelinadi. Gvatemala esa dunyoda zo‘ravonlik jinoyatlarining eng yuqori ko‘rsatkichlaridan biriga ega.

Ta’kidlanishicha, barcha ham emas, faqat o‘z davlatiga jo‘natish qiyin bo‘lgan muhojirlar Lotin Amerikasiga chiqarib yuboriladi. Panama kanalini qaytarib olish tahdidi ortidan bu davlat hukumati hozir AQSh qo‘ygan talablarni bajarishga majbur. Marko Rubio bilan ko‘rishgan prezident Mulino kanaldan foydalanishdagi Xitoy ta’sirini qisqartirishga va’da bergan.

Elchixona va TIV rad etdi

The New York Times xabarida kelgan yuqoridagi 4 davlat, jumladan, O‘zbekiston ham o‘z fuqarolarini qabul qilishni istamayotgani haqidagi ma’lumotni AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi qat’iyan rad etdi. Elchixona diplomatlari Kun.uz muxbiri bilan suhbatda nashrning bu ma’lumoti haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi.

«Qo‘shma Shtatlar The New York Times nashrining „O‘zbekiston o‘z fuqarolarini AQShdan olib chiqish operatsiyasida hamkorlikni istamaydi“  degan iddaosini qat’iyan rad etadi. Aksincha, O‘zbekiston ikki tomonlama mustahkam kun tartibi, jumladan, AQShning muhojirlarni olib chiqish bo‘yicha so‘rovlariga javob berish bo‘yicha qat’iy hamkor bo‘lib kelmoqda. Bu prezident Tramp va uning ma’muriyati uchun ustuvor masala bo‘lgani sababli O‘zbekiston hukumati bilan muloqot yanada jonlangan», deyiladi AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lumotida.

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, TIV bu deportatsiyalardan xabardor va AQSh hukumati bilan hamkorlikda ishlamoqda.

«Biz bu masalada AQSh bilan hamkorlikda ishlayapmiz, deportatsiyani to‘g‘ri amalga oshirish bo‘yicha yaqin aloqadamiz. O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi hamda Nyu Yorkdagi konsulxonasi AQShning migratsiya uchun mas’ul organi Homeland Security bilan doimiy aloqada. O‘zbekistonliklarni deport qilish bilan bog‘liq, ularning hujjatlari yoki boshqa muammolari bo‘lganda biz qo‘limizdan kelganicha yordam beramiz.

Hozir Panamada fuqarolarimiz bormi, ularning soni qanchaligini aniq bilmaymiz. Agar bor bo‘lsa, biz hech shubhasiz ularni qaytarish uchun to‘liq yordam beriladi», — dedi TIV matbuot kotibi Ahror Burhonov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Shuningdek, TIV rasmiysi Amerika qit’asida qiyin ahvolda qolgan barcha fuqarolar O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi yoki Nyu Yorkdagi konsulxonasiga murojaat qilib, kerakli yordam yoki maslahatlar olishi mumkinligini eslatdi.

 

Shohrux Majidzoda tayyorladi

Mavzuga oid