Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya hukumati Belarusga katta miqdorda qo‘shin yuborishga tayyorlanayotgani, ulardan NATO davlatlarining biriga hujum qilishda foydalanilishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda u The Economist’ga bergan intervyusida ta’kidlagan.
«Urush uyinga kelmaguncha, hech kim uning nima ekanini tushunmasa kerak deb o‘ylayman. Hech kimni qo‘rqitmoqchi emasman. U keladi. Men shunchaki faktlar haqida gapirayapman. Bugun dunyo Putinni sekinlik bilan, juda sekinlik bilan to‘xtatayotgan bir paytda, u keladi. Va bu fakt», — deydi Zelenskiy.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, u Ukraina maxsus xizmatlaridan Vladimir Putin taxminan 100 ming kishini qamrab oladigan 10-15 ta diviziyani shakllantirayotgani, ular 2022 yilda Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlanishidan oldin bo‘lgani kabi Belarusdagi o‘quvlarga jo‘natilishi to‘g‘risida ma’lumot olgan.
«U [Putin] oldingidek buni Ukraina chegarasidagi o‘quvlar ekanini aytadi. Ammo ishoning, bu hujumkor harakatlari uchun platsdarmga tayyorgarlik… U Ukrainaga borishini sizga kim aytdi? Kim sizga u Litvaga, Polshaga bormasligini aytdi?», — deydi Zelenskiy.
«Biz [harakatsiz] turgan paytda u katta miqdordagi qo‘shinlar uchun platsdarm tayyorlayotgan bo‘lishi va shunchaki shu platsdarmni olib boshqa yo‘nalishga yurishi mumkin. U Polshaga boradi, Litvaga boradi va ularni bosib oladi. Nega hech kim bu sodir bo‘lishi mumkin deb o‘ylamaydi?», — deya qo‘shimcha qiladi Zelenskiy.
Avvalroq, Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Rossiya qurolli kuchlarining o‘sishini hisobga olgan holda, 2029-2030 yillarda Rossiya NATO davlatlariga hujum qilishga urinishining nazariy imkoniyati saqlanib qolayotganini aytgan edi.