Jahon | 09:51 / 13.02.2025
3950
2 daqiqa o‘qiladi

Sud Mixael Shumaxerning oilasiga nisbatan shantaj ishi bo‘yicha hukm chiqardi

Mixael Shumaxer oilasini shantaj qilish bo‘yicha asosiy ayblanuvchi uch yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Qolgan ikki sudlanuvchi sherik sifatida olti oy va ikki yil shartli qamoq jazosini oldi.

Foto: Getty images

Mashhur germaniyalik poygachi Mixael Shumaxer oilasiga nisbatan shantaj ishi bo‘yicha sud jarayonida Vuppertal okrug sudi 12 fevral, chorshanba kuni asosiy ayblanuvchi, Vuppertal shahrida yashovchi 53 yoshli fuqaroni uch yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Bu ishda ishtirok etgan erkakning o‘g‘li ham olti oy shartli qamoq jazosini oldi. Ayblanuvchi «Formula-1» bo‘yicha yetti karra chempionning oilasini shantaj qilib, 15 million yevro olishga uringan, aks holda shaxsiy surat va videolarni chop etish bilan tahdid qilgan.

Shuningdek, sudlov mahkamasida Shumaxerning Shveytsariyadagi villasini kuzatish uchun mas’ul bo‘lgan xavfsizlik firmasining sobiq xodimi ham bor edi. Sudya Birgit Noyber unga shartli ravishda ikki yillik qamoq jazosini berdi.

SID agentligi ta’kidlaganidek, hukmda prokuratura talablarining aksariyati aks etgan. Ayni paytda, afsonaviy poygachining rafiqasi Korinna Shumaxer da’vosi talablaridan biri qondirilmadi. U xavfsizlik kompaniyasining sobiq xodimini to‘rt yilga ozodlikdan mahrum qilishni so‘radi. Shumaxerning so‘zlariga ko‘ra, bu odam shantaj urinishiga imkon yaratib, foto va video materiallarni o‘g‘irlagan.

Shumaxerlar oilasining advokati Tilo Dammning ma’lum qilishicha, hozirda uning mijozlari sudning barcha xulosalariga qo‘shilmayapti. Xususan, ular qo‘riqlash kompaniyasining sobiq xodimi jinoyatchi emas, balki faqat sherik bo‘lgan degan fikrni rad etadi. Advokatning ta’kidlashicha, sud qarori ustidan shikoyat qilish «ehtimoli juda katta».

2013 yilda Mixael Shumaxer chang‘i uchish chog‘ida og‘ir miya jarohati oldi. U tirik qoldi, ammo o‘shandan beri omma oldida ko‘rinish bermadi.

Mavzuga oid