Tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, «Nazorat Uz» nomli Telegram-kanal rahbari J.I. o‘z xodimlariga tadbirkorlarni obro‘sizlantirishga qaratilgan materiallar yig‘ishga topshiriq bergan.
«Avvaliga jamoa vakillari Toshkent shahridagi yirik brendlarga tegishli bo‘lgan ovqatlanish shoxobchalariga mijoz sifatida tashrif buyurib, ulardan mahsulot sotib olgan. So‘ng mahsulotning ichiga inson salomatligi uchun zararli bo‘lgan narsalar joylashtirib, foto va video olishgan. Shundan so‘ng J.I. ovqatlanish shoxobchasi egalari bilan aloqa qilib, ushbu materiallarni Telegram orqali tashlab bergan va ularni «Nazorat Uz» nashrining YouTube va Telegram’dagi resurslariga joylashtirish orqali e’lon qilish bilan qo‘rqitib, ulardan pul talab qilgan», — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, 2024 yil sentabr oyida J.I. tez yordam xodimi kiyimini kiyib, shahar tibbiyot markaziga mashhur brendning taomlaridan ommaviy ravishda zaharlangan fuqarolar olib kelinganini aytib, video qilgan va ularni sahifasiga joylashtirgan.
Ma’lum qilinishicha, kanal adminlari bunday vaziyatdan keyin PR qilish evaziga 240 million so‘mlik soxta shartnoma tayyorlab, tadbirkorning vakiliga tashlab bergan. Ular har oyda shartnoma bo‘yicha 40 million so‘m pul mablag‘ini o‘z tashkiloti hisob raqamiga o‘tkazib berishni talab qilgan. Tadbirkor brendning imijini saqlash maqsadida, oktyabr-noyabr oylarida jami 80 million so‘mni o‘tkazib bergani aytilmoqda.
Toshkent shahar IIBB "Nazorat Uz" Telegram kanali xodimlari tovlamachilikda gumonlanib, qo‘lga olinganini tasdiqladi. Ma’lum bo‘lishicha, 3 nafar fuqaroga nisbatan 2024 yil 18 dekabr kuni Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan (Tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
«2024 yil 21 dekabrda ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari davom etmoqda, yakuni bo‘yicha qo‘shimcha axborot beramiz», deyiladi poytaxt IIBB Kun.uz'ga taqdim qilgan ma’lumotda.