Germaniyaning Gross-Gerau shahrida Formula-1 poygalarining yetti karra chempioni Mixael Shumaxer oilasini shantaj qilishda gumon etilgan ikki kishi qo‘lga olindi. Bu haqda nemis prokuraturasiga tayanib AP xabar berdi.
Qo‘lga olinganlar 53 yoshli erkak va uning 30 yoshli o‘g‘li ekani ta’kidlanmoqda. Ikkalasi ham boshqa jinoyat ishi bo‘yicha sinov muddatida. Prokuratura ularning ismini oshkor qilmadi.
Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘lga olinganlar Shumaxer oilasidan bir necha million yevro talab qilishgan. Ular qo‘llarida poygachining oilasi «oshkor bo‘lishini istamaydigan» fayllar borligini aytishgan.
Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu fayllarning ba’zilari gumonlanuvchilar tomonidan poygachining oilasiga tanishib ko‘rish uchun yuborilgan. Fayllarda nimalar aks etgani prokuratura tomonidan oshkor qilinmadi.
Har ikki gumonlanuvchi hibsda saqlanmoqda. Agar aybi isbotlansa, ular jarimaga tortilishi yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Mixael Shumaxer 2013 yil dekabrida Fransiya Alp tog‘larida chang‘i uchayotganda daraxtga urilib, boshidan o‘ta jiddiy jarohat olgan edi. Shundan beri oilasi uning ahvoli haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilmasdan kelmoqda.
2021 yil sentabr oyida Shumaxerning rafiqasi va o‘g‘li poygachi mustaqil harakat qilish va boshqalar bilan to‘liq muloqot etishga qodir emasligini aytishgan. Shumaxer Shveytsariyadagi uyida oilasi va shifokorlar qaramog‘ida yashamoqda.