Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy The Guardian nashriga bergan intervyusida Rossiya bilan urushning dastlabki kunlarida o‘ziga uyushtirilgan bir necha suiqasd holati haqida aytib berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujumlardan biri vaqtida uning ofisi xodimlaridan bir necha kishi halok bo‘lgan.
Ko‘pchilik davlat yetakchilari menga qo‘ng‘iroq qilib, ketish kerakligini aytishdi. Bularning bari bo‘lgan. Bu kimdir qo‘ng‘iroq qilib, «ket» deyishi, men «yo‘q» deganim emas. Turli tomondan bosim bo‘lgandi. [Meni] o‘ldirishni istaganlar bor edi, o‘q ovozlari va shunga o‘xshash narsalar bor edi. Ofisimiz ichkarisida ham bir necha kishi halok bo‘lgandi, [meni] himoya qilganlar bor edi. Desant tushirilishi va boshqa shunga o‘xshash ishlar bo‘lgandi.
Ukraina prezidenti fikricha, Rossiya shu tariqa unga jismoniy bosim o‘tkazgan, shu bilan bir vaqtda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha ultimatumlar qo‘yib, o‘z shartlarini qabul qilishni talab qilgan.
Zelenskiyning ofisidagilar keng ko‘lamli urush boshidayoq prezidentga o‘ndan ortiq suiqasd uyushtirilgani haqida xabar bergandi. Uning o‘zi 2023 yilda o‘ldirishga bo‘lgan doimiy urinishlarni «sug‘ur kuni» bilan taqqoslagandi.
Zelenskiyning hayotiga so‘nggi suiqasd haqida 2024 yil mayida xabar berilgandi. O‘shanda Ukrainada ikki polkovnik Rossiya xavfsizlik xizmati (FXX) bilan hamkorlikda gumon qilinib, hibsga olingandi. Ukraina razvedka xizmatlariga ko‘ra, ular Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy, shuningdek, Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov va Ukraina Xavfsizlik xizmati rahbari Vasil Malyukni o‘ldirishga tayyorgarlik ko‘rgan.