Ukraina tinchlik muzokaralari natijasida «2014 yilgi chegaralarni» qayta tiklashga umid qilmasligi kerak. Bundan tashqari, NATO a’zoligiga umid bog‘lamasligi kerak. Bu haqda AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset Ukraina mudofaasi bo‘yicha Bryusseldagi (Ramshtayn formati) aloqa guruhining yig‘ilishida aytib o‘tdi, deb yozdi Bloomberg.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Ukraina suvereniteti g‘oyasiga sodiq, ammo uning NATO a’zosi bo‘lishi amalga oshmas voqea.
«Ushbu xayolparast maqsadga intilish faqat urushni uzaytiradi va ko‘proq azob-uqubatlarga sabab bo‘ladi», dedi Hegset.
Shuningdek, Hegset fikriga ko‘ra, Ukrainaning «2014 yil chegaralariga», ya’ni Rossiyaning Qrim va Donbassga bostirib kirishi oldidan mavjud bo‘lgan chegaralarga qaytishi imkonsiz.
Kiyev uchun xavfsizlik kafolatlari haqida gapirar ekan, Pentagon rahbari AQSh qo‘shinlarini Ukrainaga yuborish imkoniyatini rad etdi va aynan Yevropa «maydonga chiqishi» va qit’a xavfsizligi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi kerakligini ta’kidladi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy so‘zlariga ko‘ra, Donald Tramp prezident etib saylanganidan keyin 24 soat ichida urushni tugatishi haqidagi saylovoldi va’dalariga qaramay, Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha haligacha aniq rejasi yo‘q.
AQSh ma’muriyatining ma’lum qilishicha, AQSh prezidentining maxsus vakili Kit Kellogg shu hafta Yevropada Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha fikrlarni yig‘ish uchun bir qator uchrashuvlar o‘tkazadi. Shundan so‘ng u Donald Trampga tinchlik rejasining mumkin bo‘lgan variantlarini taklif qiladi.