O‘zbekiston elchisi G‘ayrat Fozilov Niderlandiyaning EuroTalens rekruting agentligi direktori va agentlik hammuassisi bilan uchrashdi. Muzokaralar chog‘ida O‘zbekistondan Niderlandiyaga ishchi kuchini jalb qilish, shuningdek, Migratsiya agentligi va EuroTalens rekruting agentligi o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish masalalari muhokama qilindi.
Niderlandiyaliklar O‘zbekiston bilan logistika va transport, qurilish va infratuzilmani rivojlantirish, texnologiya, mehmonxona biznesi va tibbiyot kabi sohalarda mehnat resurslarini jalb qilish sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
EuroTalens rekruting agentligi rahbariyati Benilyuks mamlakatlaridagi kompaniyalar xorijiy ishchi kuchini faqat qonuniy asosda yollashini qayd etdi. Ta’kidlanishicha, agentlik xorijiy fuqarolarni yollash jarayonining barcha bosqichlari, jumladan, shartnomalar tuzish, ish haqi, uy-joy bilan ta’minlash va qonunchilikka rioya qilish, kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni hal etishga yaqindan ko‘maklashadi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikning barcha tafsilotlarini muhokama qilish maqsadida Migratsiya agentligi va EuroTalens rekruting agentligi rahbariyati o‘rtasida onlayn muzokaralar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.