Xitoy AQSh yordamidan mahrum bo‘lgan mamlakatlarga mablag‘ taklif qilmoqda
USAID faoliyatining to‘xtatilishi ortidan, Xitoy rivojlanayotgan mamlakatlarda faollashgani ta’kidlanmoqda.

Foto: Reuters
Donald Tramp ma’muriyati AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) faoliyatini to‘xtatganidan so‘ng, Xitoy rivojlanayotgan mamlakatlardagi bo‘shliqni to‘ldirish uchun choralar ko‘rmoqda. Bu haqda USAID va boshqa gumanitar tashkilotlar xodimlari hisobotlariga tayanib, Politico xabar berdi.
«Xitoy allaqachon hamkorlarimizga murojaat qilmoqda. Ular Kamboja va Nepal kabi joylarda bo‘shliqni to‘ldiradi va bu biz bilgan narsa», dedi Bayden ma’muriyati davrida USAID Xitoy dasturini boshqargan Fransisko Benkosme.
Qayd qilinishicha, USAID infratuzilma va telekommunikatsiyalar uchun xorijiy mablag‘ izlagan rivojlanayotgan mamlakatlarga yordam bergan. Shuningdek, Afrika, Janubi-Sharqiy Osiyo va boshqa mintaqalardagi ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlagan. Hozir bu joylarda Xitoy ta’siri kuchaymoqda.
Vakillar palatasi Xitoy qo‘mitasidagi demokratlar Tramp ma’muriyatini USAID ishi Pekin bilan raqobat qilish uchun zarurligiga ishontirish uchun yangi strategiya ishlab chiqdi. Guruh dalillari shundan iboratki, Xitoy bilan muvaffaqiyatli raqobat AQSh milliy xavfsizligini ta’minlash uchun zarur.
«Xitoy Kommunistik partiyasi va uning bo‘linmalari so‘nggi yigirma yil ichida rivojlanish loyihalariga qariyb 1 trillion dollar sarfladi va bu AQSh hukumatining rasmiy xarajatlaridan sezilarli darajada oshib ketdi. <...> USAID esa [AQSh] budjetining 0,7 foizidan kamrog‘i miqdorida mablag‘ taqdim etadi», deyiladi hujjatda.
Nepalning Annapurna Express gazetasiga ko‘ra, Xitoy rasmiylari xususiy ravishda Nepal hukumatiga AQSh mablag‘lari o‘rniga sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa muhim tarmoqlari moliyalashtirishga tayyorligini aytgan. Tinch okeanining strategik davlati bo‘lgan Kuk orollari rasmiylari AQSh tomonidan moliyalashtirishning tugatilishi mintaqaga katta zarba bo‘lganini va «xitoyliklar o‘z ta’sirini kuchaytirishga intilayotganini» aytgan.
Avvalroq, prezident Donald Tramp USAID tashkilotining barcha loyihalarini 90 kunga muzlatib qo‘ydi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Oq uy deyarli barcha xodimlarini ishdan bo‘shatib, agentlikni tarqatib yuborishni rejalashtirmoqda. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab ishlayotgan 10 ming kishidan 300 nafari qoldiriladi, boshqalari bo‘shatib yuboriladi. Tramp ma’muriyati USAID tashkilotining ortiqcha va asossiz xarajatlarda ayblamoqda.
Mavzuga oid

22:37 / 10.03.2025
Chirchiqda sobiq texnikum binosi buzilib, o‘rnida Xitoy OTM filiali quriladi

22:00 / 10.03.2025
Ukraina dunyodagi eng yirik qurol importchisiga aylandi

20:32 / 10.03.2025
Tramp Zelenskiy iste’foga chiqmaguncha Ukrainaga yordam ko‘rsatishni tiklamaydi – OAV

19:40 / 10.03.2025