«Ular uchun yangi uylar quriladi va bu uylar avvalgi manzillariga qaraganda ancha yaxshi bo‘ladi. Men ular uchun doimiy joy barpo etish haqida gapiryapman», — dedi Tramp Fox News telekanaliga bergan intervyusida. Uning ta’kidlashicha, hozirda G‘azo «yashash uchun yaroqsiz» va uni qayta tiklash uchun yillar kerak bo‘ladi.
Trampga ko‘ra, yangi manzillarda 1,9 million falastinlik uchun xavfsiz va qulay uy-joylar quriladi va bu manzillar ular bushugshi kunda yashayotgan hududlariga yaqinbo‘ladi. Unga ko‘ra, G‘azo sektoridan tashqarida falastinliklar yashashi mumkin bo‘lgan olti davlat mavjud, ularning sirasiga Misr, Iordaniya, Marokash va Somali kiradi. Biroq, Misr va Iordaniya bu taklifni rad etdi.
4 fevral kuni Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan uchrashuvda falastinliklarni G‘azodan ko‘chirish taklifini bildirgan. Uning fikricha, harbiy mojarolardan vayron bo‘lgan ushbu hududni turistik kurortga aylantirish lozim. Tramp G‘azo sektorini AQSh nazoratiga olishga va uni «Yaqin Sharq Riviyerasi»ga aylantirishga tayyor ekanini aytdi. Unga ko‘ra, bu maqsad uchun birorta ham amerikalik harbiy kerak bo‘lmaydi.
9 fevral kuni Tramp G‘azo sektorini «sotib olish» va unga egalik qilish niyati borligini tasdiqladi. U HAMAS islomiy guruhi qaytishining oldini olish uchun bu hududni to‘liq qayta qurish kerakligini aytdi. Shu maqsadda BAA, Saudiya Arabistoni va boshqa Yaqin Sharq davlatlari ishtirokida G‘azo sektorini qayta tiklash loyihasini moliyalashtirish rejalashtirilgan. Barcha mavjud binolar supurib tashlangach, shaharni qayta qurish ishlari boshlanadi.
Bu masala shu hafta AQSh prezidenti Tramp va Iordaniya qiroli Abdulloh II o‘rtasida Vashingtonda muhokama qilinadi. Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Uolts ma’lum qilishicha, prezident bu haqda boshqa mintaqaviy davlatlar bilan ham muzokaralar o‘tkazadi. «Agar sizga uning rejasi yoqmasa, muzokaralar stoliga o‘tirib, o‘z taklifingizni bering», — dedi Uolts NBC telekanalida.
Hozircha bu tashabbusni faqat Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu qo‘llab-quvvatladi. U bu g‘oyani «innovatsion va inqilobiy» deb atadi. The Jerusalem Post nashrining xabar berishicha, Netanyahu bu taklifga Amerika Senati qo‘llovini olish uchun Vashingtonda bir necha uchrashuvlar o‘tkazgan.
Shu bilan birga, Yaqin Sharqning boshqa davlatlari bu taklifga salbiy munosabat bildirishgan. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bu g‘oyani «absurd» deb atab, «unga e’tibor berish ham, muhokama qilish ham arzimaydi», dedi.
Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Trampning G‘azo ustidan nazorat o‘rnatish va falastinliklarni ko‘chirish rejasi yuzasidan ko‘proq tafsilotlarni bilish kerakligini ta’kidladi. Vladimir Putin G‘azo masalasida «to‘liqonli Falastin davlati»ni tashkil etishni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Hozirgacha 147 mamlakat, jumladan, Rossiya va Xitoy (O‘zbekiston ham — tah.) Falastin davlati mustaqilligini rasman tan olgan.