Polkovnik Farhod Hasanov Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda poytaxt IIBB saytidagi ma’lumotda keltirilgan.
Farhod Hasanov 2020 yil sentabrdan beri Qo‘qon shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi. Undan oldin Hasanov Ichki ishlar vazirligi boshqarma boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil noyabr oyida Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan polkovnik Doniyor Toshxo‘jayev lavozimdan olingan edi.
Doniyor Toshxo‘jayev 2019 yil iyuniga qadar Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari – Tergov boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan. 2019 yil yanvar–iyun oylarida Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari – Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan. 2019 yil iyunida IIV huzuridagi Tergov departamenti boshlig‘i etib tayinlangan. 2020 yil yanvar oyida Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i lavozimiga o‘tkazilib, bu lavozimda 2022 yil fevraligacha ishlagan. Toshxo‘jayev Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida 2023 yil avgustdan buyon ishlab kelayotgan edi.