Netanyahu garovdagi Isroil fuqarolari ozod etilmasa, G‘azoda jangovar harakatlar qayta boshlanishini aytdi

Jahon 01:04 800

HAMAS 15 fevral kuni garovdagilarni ozod etmasa, Isroil G‘azo sektorida «intensiv jangovar harakatlarni» qayta boshlaydi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyahu harbiy-siyosiy mahkama yig‘ilishidan keyin ma’lum qildi.

«Men qabul qilgan va mahkama bir ovozdan tasdiqlagan qaror shunday: agar HAMAS shanba kuni tushga qadar garovdagi fuqarolarimizni qaytarmasa, o‘t ochishni to‘xtatish bekor qilinadi va TsAXAL HAMAS butunlay yo‘q qilingunga qadar intensiv jangovar harakatlarni qayta tiklaydi», — dedi Netanyahu.

The Times of Israel ma’lumotlariga ko‘ra, gap 15 fevral kuni ozod etilishi kerak bo‘lgan to‘qqiz nafar garovdagi shaxs haqida ketmoqda.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp HAMASni shanba kuni garovda qolgan 76 nafar isroillikning barchasini ozod etishga chaqirgandi. Isroil bosh vaziri o‘z nutqida mahkama Trampning talabini olqishlaganini qayd etgan.

Netanyahuning ta’kidlashicha, yig‘ilish davomida harbiy-siyosiy mahkama «8 fevral kuni ozod etilgan garovdagi fuqarolarning dahshatli ahvolidan g‘azabda ekanini bildirgan».

«HAMASning sulhni buzib, garovdagi fuqarolarimizni ozod etmaslik haqidagi bayonotidan keyin o‘tgan kecha TsAXALga G‘azo sektori ichi va atrofiga kuchlarni to‘plashni buyurdim. Ushbu operatsiya ayni soatlarda o‘tkazilmoqda va yaqin vaqt ichida yakunlanadi», — deya qo‘shimcha qiladi Isroil bosh vaziri.

HAMAS va Isroil o‘rtasidagi tinchlik sulhi 19 yanvardan kuchga kirgan. Uning 42 kun davom etadigan birinchi bosqichida HAMAS garovga olingan 33 kishini qo‘yib yuboradi, Isroil bo‘lsa 1,9 mingdan ziyod mahbusni ozod etadi va G‘azo sektoridan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishni boshlaydi.

10 fevral kuni HAMAS garovda saqlanayotgan Isroil fuqarolarining navbatdagi guruhini ozod etish jarayonini bekor qildi. HAMAS ushbu qarorni Isroil tomoni tinchlik sulhini buzgani sabab qabul qilganini bildirgan. Ta’kidlanishicha, Isroil G‘azo sektorining shimoliy qismida yashovchi aholining uyiga qaytishiga to‘sqinlik qilmoqda, shuningdek, mintaqaga gumanitar yordamlarni kiritmayapti.

Ko‘proq yangiliklar: