Rossiyada qiyin ahvolda qolgan 3 nafar bola 11 fevral kuni O‘zbekistonga olib kelindi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bolalardan biri onasi bilan, ikkinchisi esa ota-onasining ishonchnomasi asosida buvisi bilan, uchinchisi ham ishonchnoma asosida opalari bilan birga mehnat muhojiri sifatida Rossiyaga kelgan.
Bolalarning yaqin qarindoshlari mamlakat hududida bo‘lib turish qoidalarini buzgani sababli deportatsiya qilingan. Bolalar esa Moskva shahridagi voyaga yetmagan huquqbuzarlarni vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgan.
«Ijtimoiy himoya milliy agentligi, hududiy «Inson» markazlari xodimlari, ijtimoiy xodim va psixologlardan iborat ishchi guruh tomonidan bolalarning vataniga qaytishini ta’minlash va ularni ota-onalariga topshirish uchun barcha zarur ijtimoiy yordam ko‘rsatish ishlari amalga oshirildi», — deyiladi xabarda.
Agentlik xorijda og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan bolalarni qaytarish va ularga ijtimoiy yordam ko‘rsatish ishlari davom ettirilishini ma’lum qilgan.
Bundan oldin Xitoyda murakkab vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, Turkiyada qarovsiz qolgan o‘zbekistonlik bolalar vatanga qaytarilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.