KXDR Rossiyaga uzoq masofaga mo‘ljallangan artilleriya snaryadlarini yubordi

Jahon 19:18 2017

KXDR Rossiyaga qariyb 200 ta uzoq masofaga mo‘ljallangan artilleriya snaryadlarini yubordi va Ukrainaga qarshi urushni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yana ko‘proq qo‘shin hamda qurol jo‘natishi mumkin. Bu haqda Janubiy Koreya Mudofaa vazirligiga tayanib Yonhap News xabar berdi.

Qayd etilishicha, Shimoliy Koreya Rossiyaga 11 mingga yaqin harbiy xizmatchisini, raketalar, uzoq masofaga mo‘ljallangan 200 ta artilleriya snaryadi va katta miqdorda o‘q-dorilar yuborgan.

Ta’kidlanishicha, joriy yilda KXDR qurol ishlab chiqarish hajmini ikki barobarga oshiradi. «2025 yil atom suvosti kemalari, ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshlar va qattiq yoqilg‘ida uchadigan qit’alararo ballistik raketalar kabi zamonaviy qurollar yaratishga mo‘ljallangan besh yillik rejaning so‘nggi muddati», — deyiladi xabarda.

AQSh, Janubiy Koreya va Ukraina ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR rasmiylari Rossiya-Ukraina urushida qatnashish uchun 11 mingga yaqin askarini yuborgan. Ular Rossiyaning Kursk viloyatidagi harbiy amaliyotlarda qatnashgan. The New York Times gazetasi yanvar oyida KXDR qo‘shinlari og‘ir yo‘qotishlarga uchraganidan so‘ng frontning oldingi chizig‘idan ortga qaytarilgani haqida xabar bergandi.

Avvalroq KXDR yetakchisi Kim Chen In mamlakat Mudofaa vazirligiga tashrifi chog‘ida Shimoliy Koreya «hududiy yaxlitlikni himoya qilish» masalasida Rossiyani qo‘llab-quvvatlash niyatida ekanini ma’lum qilgan edi.

Shuningdek, Shimoliy Koreya Ukrainadagi urush tufayli o‘z raketalari aniqligini oshirgan. «Raketalarning aniqligi ortib borayotgani KXDR Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushidan raketa texnologiyasini sinovdan o‘tkazish uchun muvaffaqiyatli foydalanayotganidan dalolat beradi”, deya xabar beradi Reuters manbalari.

Ko‘proq yangiliklar: