31 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ishlab chiqilgan «Fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi» birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ma’qullanib, 9 fevralga qadar jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi.
11 fevral kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida mazkur qonun loyihasi hamda Konsepsiya loyihasi ikkinchi va uchinchi o‘qishlarda qabul qilinib, Senatga yuborildi. Hujjat senatorlar tomonidan tasdiqlanib, prezident imzolagach kuchga kiradi.
Ma’lum qilinishicha, konsepsiya loyihasi bo‘yicha muhokamalarda aholidan 400 tadan ortiq izohlar, taklif va tavsiyalar kelib tushgan, ularning 200 dan ortig‘i ijobiy. Shuningdek, 6 fevral kuni esa Qonunchilik palatasida 16 ta konfessiya vakillari bilan konsepsiya loyihasining muhokamasiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tgan.
«Konsepsiya loyihasi keng jamoatchilikning taklif-mulohazalari asosida yanada takomillashtirilgani alohida qayd etildi. Xususan, fuqarolarimiz Jahongir Safoyev, Ahmadjon Oripov, Amirulla To‘xliboyev, Shaxnoza Gaffarova hamda Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan bildirilgan takliflar asosida Konsepsiyaning 10 dan ortiq bandlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi», — deyiladi Oliy Majlis xabarida.
Quyi palata yalpi majlisida so‘zga chiqqan va savol bergan deputatlar, fraksiya rahbarlarining barchasi bu hujjat juda muhimligi va «maromiga yetkazib» ishlanganini ta’kidlashdi. Hujjat yuzasidan birorta tanqidiy taklif yoki fikrlar bildirilmadi, muhokamalarda qoldirilgan tanqidiy fikrlar ham inobatga olinmadi. Jami 141 nafar deputat hujjat qabul qilinishga rozi bo‘ldi, 1 nafari betaraf qolgan, 2 kishi ovoz bermagan. Konsepsiyani qabul qilishga birorta ham deputat qarshi bo‘lmadi.
Ma’lumot uchun, 41 banddan iborat, qonun shaklidagi Konsepsiyada – diniy sohadagi davlat siyosatining 10 ta asosiy vazifasi, 6 ta prinsip va 3 ta ustuvor yo‘nalishlari belgilangan.
Diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi haqida ushbu havola orqali batafsil ma’lumot olishingiz mumkin.