Sirskiyning bir yili. Ukrain armiyasi yangi bosh qo‘mondon bilan qanday jang qilmoqda?

Jahon 18:48 6514

U keng ko‘lamli urush boshlanganida Kiyev mudofaasini boshqargan, shuningdek 2022 yil sentabrida Xarkiv oblastida muvaffaqiyatli qarshi hujum tashkillashtirgandi.

2024 yilda frontdagi vaziyat Ukraina qurolli kuchlari uchun sezilarli darajada murakkablashdi va Sirskiy boshqaruvida o‘tgan yil ukrainlar mudofaasi uchun juda qiyin kechgani bilan yodda qoldi.

Shu bilan birga, armiya faqat chekinish bilan mashg‘ul bo‘lmasdan dushman uchun kutilmagan uchastkada yurish amalga oshirishga ham muvaffaq bo‘ldi.

BBC Ukraina xizmati sharhlovchisi Sergey Morfinov Ukraina qurolli kuchlari Sirskiy boshqaruvidagi bir yilni qanday o‘tkazganini ko‘rib chiqdi.

Zalujniy — Sirskiy rotatsiyasi

Volodimir Zelenskiy bosh qo‘mondonni almashtirish sababi sifatida «Ukraina qurolli kuchlari rahbariyatini yangilash» zaruratini keltirgandi.

Ammo Zalujniy — Sirskiy rotatsiyasining norasmiy sababi sifatida prezident ofisi va oldingi bosh qo‘mondon o‘rtasida ikkinchisining ehtimoliy siyosiy ambitsiyalari tufayli yuzaga kelgan ziddiyat ham aytiladi. Zalujniy g‘arb matbuotida urushning borishini baholab borishi ham rahbariyatga ma’qul emasdi.

Oleksandr Sirskiy esa jamoat joylarida ko‘p ko‘rinish bermas va g‘arb matbuoti bilan tanish emasdi.

Shu bilan birga, u oliy bosh qo‘mondonga sodiqligi hamda hech qanday siyosiy ambitsiyalari yo‘qligi aytilardi.

Bir yil davomida Oleksandr Sirskiy prezident va uning jamoasiga tanqid sifatida baholanishi mumkin bo‘lgan birorta e’tiroz bildirmadi.

Frontda nimalar bo‘layotgandi?

Frontda Sirskiyga og‘ir meros qoldirilgandi — bir yil oldin rossiyaliklarning 2023 yil oktyabrida boshlangan keng ko‘lamli yurishi avj pallasiga kirgandi va hozirda ham davom etmoqda.

Avdiyivka xarobalari Rossiya nazoratiga o‘tgan

Ukraina mudofaasida birinchi navbatda Rossiya armiyasi shaxsiy tarkib, o‘q-dori, texnika va KABdan foydalanuvchi (boshqariluvchi aviabombalar) aviatsiya evaziga erishgan ustunlik tufayli yuzaga kelgan inqiroz Zalujniy qo‘mondonligi davridayoq boshlangandi.

2024 yil fevralda esa, Sirskiy bu lavozimga kelgan kunlarda ukrain qo‘shini Avdiyivkani — Donetsk yaqinidagi 2014 yildan buyon ushlab turilgan muhim istehkomni tashlab chiqqandi.

Avdiyivkadan chekingan mudofaa kuchlari, Oleksandr Sirskiy buni «nisbatan foydali marralarga o‘tish» deb izohlaganiga qaramay, shundan keyin Donetsk yo‘nalishida boshqa pozitsiyalarda mustahkam o‘rnasha olmadi.

Rossiyaliklarning Donbassdagi juda sekin, ammo to‘xtovsiz ilgarilashi yangi bosh qo‘mondon rahbarligining bir yilida davom etdi.

Bu vaqt mobaynida ukrain armiyasi Krasnohorivka, Vuhledar, Selidove, Kuraxovo, Velika Novosilka kabi muhim aholi yashash punktlarini boy berdi.

Shu bilan birga, bu vaqt ichida — katta muammolar bilan bo‘lsa ham — Rossiya qo‘shinining Xarkiv oblasti shimolidagi katta yurishi to‘xtatib qolindi.

Sirskiy qo‘mondonlikka kelganiga bir yil to‘lgan kunlarda Pokrovsk va Chasiv Yar shaharlari uchun, Toretsk va Liman hududlarida, shuningdek, Xarkiv yaqinida, Kupyansk shahri ostonalarida janglar davom etmoqda.

Rossiya kuchlarini Dnipropetrovsk oblasti ma’muriy chegaralaridan bir necha kilometr ajratib turibdi.

Biroq, harbiy sharhlovchilar qayd etishicha, hududiy yo‘qotishlarga qaramay, Sirskiy davrida ukrain fronti «parchalanib ketmagan»: dushman o‘nlab kilometr masofaga yorib kira olmagan, Rossiya armiyasining har qanday oldinga siljishi katta yo‘qotishlar berish evaziga kechgan.

2025 yil fevral oyiga kelib rossiyaliklarning ko‘p oylik yurishi sekinlasha boshlagan.

Kursk operatsiyasi

Donbassdagi chekinishga qaramay, Oleksandr Sirskiy Ukraina qurolli kuchlari rahbarligida frontning boshqa bir uchastkasida Xarkiv atrofidagi 2022 yilgi yurish bilan birgalikda zamonaviy harbiy tarixga kiradigan yana bir yurish amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi.

6 fevral kuni Rossiyadagi telegram-kanallar ukrain armiyasi Kursk oblastida qarshi hujumga o‘tgani haqida xabar bera boshladi

2024 yil avgust oyi boshida ukrain destanchilarining shturmchi guruhlari Kursk oblastida Rossiya bilan chegaradan o‘tdi va bir necha kun ichida Sudja rayoni markazini egalladi. Ukraina o‘sha kunlarda Rossiyaning 1 000 km kv hududini o‘z nazoratiga olgandi.

Kursk operatsiyasi birinchi bosqichidagi muvaffaqiyat bir necha omillar bilan izohlanadi. Birinchidan, Ukraina qurolli kuchlari chegarada sezdirmasdan zarbdor guruh to‘play olgandi, hozirgi sun’iy yo‘ldoshlar imkoniyatlaridan foydalanadigan razvedka sharoitida esa bu muhim va juda murakkab vazifadir.

Ikkinchidan, yurishda eng tajribali va jangovar bo‘linmalar, masalan, Ukraina qurolli kuchlarining 95- va 80-desant-shturm brigadalari ham qatnashdi.

Uchinchidan, rossiyaliklar chegarada ishonchli mudofaa chizig‘i hosil qila olmagandi: ukrain shturmchilariga ko‘p hollarda muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yosh askarlar ro‘para keldi.

«Tanlov yo‘q edi, men bu amaliyotni o‘tkazishim kerak edi. Bir vaqtning o‘zida Xarkivga hujumni to‘xtatish, butun front bo‘ylab bosimni yengillashtirish hamda Sumida yangi front ochilishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak edi. Shu tufayli men dushman zaifroq bo‘lgan, chegarani qo‘riqlash uchun kam askar qoldirgan joyda yurish boshlashga qaror qildim», — degan izohlagandi keyinroq Oleksandr Sirskiy Le Monde uchun intervyusida.

Moskva bilan tinchlik muzokaralariga harakat faollashgan bir vaqtda Kursk platsdarmini ushlab turishning siyosiy jihati ham yaqqol yuzaga chiqmoqda.

Sentyabrda rossiyaliklar Kursk oblastida qarshi hujumga o‘tdi va keyingi oylar davomida hududning bir qismini qaytarib oldi.

Ammo hamon Kursk oblastining 500 km kv hududi, jumladan Sudja ham Ukraina nazorati ostida qolmoqda.

6 fevral kuni ukrain kuchlari Kursk yaqinida, Ulanok va Cherkassi Konopelka qishloqlari hududida lokal qarshi hujum boshlagani ma’lum bo‘ldi. Shunday ekan, bu hududda vaziyat ancha dinamikligicha qolmoqda.

Shu bilan birga, Kursk operatsiyasi uchun Oleksandr Sirskiyni tanqid ham qilishadi — frontning ushbu uchastkasiga jalb etilgan harbiylar bilan Donetsk oblastini yaxshiroq mudofaa qilish mumkin edi. Shuningdek, Kursk amaliyoti tufayli endi Sumi oblasti shimolida rossiyaliklarning katta guruhi to‘plandi.

O‘z navbatida, rossiyaliklar ham o‘z hududini himoya qilish uchun Ukraina frontidan katta kuchlarni olib ketishiga to‘g‘ri keldi (va hatto KXDR qo‘shini yordamga chaqirildi).

Sirskiy haqida nimalar deyishadi?

Bosh qo‘mondon lavozimida Sirskiy «qonli mudofaasi» va go‘yoki qurshov xavfi ostida qolgan bo‘linmalarni olib ketishdan bosh tortishda, shuningdek «harbiy mikromenejment»da qoralanadi.

Masalan, harbiy muxbir va «Tsenzor.Net» bosh muharriri Yuriy Butusov Oleksandr Sirskiyni to‘g‘ridan to‘g‘ri voqea joyida bo‘lgan brigada va batalyonlarni aylanib o‘tgan holda operativ darajadagi buyruqlar berishda ayblagan.

U, shuningdek, tuzilishi bilan jangovar layoqatga ega bo‘lmagani haqida gapirila boshlangan 155-brigada bilan yuzaga kelgan vaziyatda bosh qo‘mondon «vazifalarni qo‘l rejimida qo‘ygani va zaxiralarni tashkil etish, tayyorlash va qo‘llashning rejalashtirilgan jarayonini tashkil etishga qodir bo‘lmagani»ni aytgandi.

Shu bilan birga, boshqa sharhlovchilar Oleksandr Sirskiy Rossiya armiyasining resurslar bobidagi ustunligi va Ukrainadagi safarbarlik bilan bog‘liq muammolar sharoitida harakat qilishiga to‘g‘ri kelayotganini qayd etishgan.

«Chunki Sirskiyda, bosh qo‘mondonda, aslida hech qanday resurs yo‘q: uning qo‘lida na pul, na ehtiyot kuchlar, na zaxiralar bor. Kimdir unga bu resurslarni yaratib berishi kerak. Bu inson resurslari, moliyaviy resurslar, iqtisodiy omillar va ijtimoiy elementlar bo‘lib, uning ishini bajarishi uchun zarur», — degandi BBC uchun intervyusida general-mayor Viktor Nazarov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina resurslar yetishmovchiligiga qaramay, dosh berib turibdi: «Kimdir frontda „katta fojia“ sodir bo‘layotganini aytadi. Ha, albatta, biz chekinyapmiz, bu haqiqat, va men buning sabablarini sizga tushuntirdim… Lekin vaziyat yanada yomon bo‘lishi mumkin edi».

«Hatto agar bugun Oleksandr Stanislavovich [Sirskiy] o‘rnida NATOdagi eng tajribali, mashhur va yuqori saviyali generallardan biri turgan taqdirda ham, men sizni ishontirib aytamanki, vaziyat yaxshilanmasdi, balki yanada yomonlashgan bo‘lar edi», — deya ishonchi komil Nazarovning.

Sirskiy oliy bosh qo‘mondon, prezident Volodimir Zelenskiyga o‘ta sodiq ekani aytiladi

Ukraina qurolli kuchlarining Petro Poroshenko zamonidagi bosh qo‘mondoni Viktor Mujyenko esa Sirskiy va Zalujniyni shunday solishtirgan: «Fikrimcha, [birinchidan], Sirskiy professional jihatdan Zalujniyga qaraganda yaxshiroq tayyorlangan. Ikkinchidan, Sirskiyning harbiy boshqaruv, jarayonlarni tashkillashtirish va rejalashtirish bo‘yicha tajribasi Zalujniynikidan kattaroq. Uchinchidan, Sirskiy o‘z rejalari va harakatlari uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga ola oladi».

Avvalroq Mujyenko Sirskiyni lavozimlarga prinsip bo‘yicha tayinlash odatini tanqid qilgandi: «agar itoatkor bo‘lsa — demak o‘zimizniki». Sobiq bosh qo‘mondon fikricha, bu turli darajadagi kadrlar samaradorligiga ta’sir qiladi va tajribali komandirlar yo‘qotilishiga olib keladi.

Shu kunlarda Oleksandr Sirskiy Ukraina qurolli kuchlari armiya korpuslarini shakllantirishni nazarda tutuvchi yangi tuzilmaga o‘tganini e’lon qildi.

Bu strategik islohot bo‘lib, u qo‘shinlarning frontdagi harakatlarini tashkil etishni yaxshilashi va brigadalarning kelishilmagan harakatlari, layoqatsiz bo‘linmalarni murakkab hududlarga yuborish yoki brigadalarga biriktirilgan bo‘linmalarning katta yo‘qotishlari tufayli yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etishi (yoki hech bo‘lmaganda kamaytirishi) mumkin.

Bu islohotning samaradorligi ko‘p jihatdan aynan Oleksandr Sirskiyning harakatlari va qarorlariga bog‘liq bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: