AQSh bilan muzokaralar kunida Rossiya Sumi markaziga zarba berdi
Hujum oqibatida 100 dan ortiq kishi yaralangan.

Yevhen Abrasimov / AFP / Scanpix / LETA
Rossiyalik harbiylar 24 mart kuni Sumi shahri bo‘ylab raketa zarbasi yo‘lladi — ushbu oblast markazi Kursk oblasti bilan chegaradan 30 kilometr masofada joylashgan. Rasmiylarga ko‘ra, 101 kishi yaralangan, shundan 23 nafari — bolalar; Katta yoshli jabrlanuvchilarning 16 nafari va 14 bola shifoxonaga yotqizilgan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab odamlar shisha parchalaridan shikastlangan. Zarba shaharning maktab, bir nechta bolalar bog‘chasi va yuqumli kasalliklar shifoxonasi joylashgan turar joylar hududiga berilgan.
«Hamma joyda bolalar bor edi», – deydi Sumida yashovchilardan biri BBC Ukraina xizmatiga.
Sumi oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Volodimir Artyuxning ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya hujumi oqibatida turar joy binolari va infratuzilma obektlariga zarar yetgan.
Artyuxning yozishicha, Rossiya Sumiga raketa hujumi uyushtirgan, natijada maktabga ham zarar yetgan. Hujum vaqtida bolalar bombapanohda bo‘lgan, ulardan hech biri jabrlanmagan.

Qutqaruvchilar 40 nafar bola va yoshi katta bo‘lgan 16 kishini evakuatsiya qilgan. Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmati maktab binosi qisman vayron bo‘lganini ma’lum qildi.
Mahalliy jurnalistlar ta’kidlashicha, zarbalar berilgan vaqtda Sumida havo trevogasi e’lon qilinmagan.
Zarba Ar-Riyodda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha muzokaralarning yangi bosqichi bo‘lib o‘tayotgan kunda yo‘llandi. Rossiya Mudofaa vazirligi hujumga izoh bermadi.
Sumi oblasti harbiy ma’muriyati rahbari portlash ovozlari eshitilayotgan voqea joyidan olingan videoni e’lon qildi.

Oblast ma’muriyati tomonidan e’lon qilingan boshqa videolarda vayron bo‘lgan binolar va xonadonlardan chiqayotgan tutunni ko‘rish mumkin.
Portlash to‘lqini uylar vayron bo‘lishiga olib kelgan, ko‘p qavatli uylarning deraza va eshiklarini sindirgan. Ba’zi xonadonlarda yong‘inlar boshlangan, deb xabar beradi politsiya.

Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak shaharga berilgan zarba oqibatlari aks etgan videoni e’lon qildi va Putin shu tariqa tinch aholiga zarba berishni «to‘xtatgani»ni ta’kidladi.
Katta ehtimol bilan, u Rossiya prezidenti va Donald Tramp o‘rtasida yaqinda bo‘lib o‘tgan telefon muloqoti chog‘ida energetika infratuzilmalariga zarbalar berishdan tiyilish bo‘yicha erishilgan og‘zaki kelishuvni nazarda tutgan. Amerika manbalari AQSh va Rossiya prezidentlari nafaqat energetika infratuzilmasiga, balki butun infratuzilmaga zarbalar berishga 30 kunlik moratoriy haqida kelishib olgani haqida xabar bergan, biroq Moskvada bu ma’lumotlar tasdiqlanmagan.

Rasmiylar ma’lum qilishicha, zarba natijasida xonadonlari zarar ko‘rgan aholi uchun tunash joylari ta’lim muassasalarida tashkil etilgan.


29 yanvardan 30 yanvarga o‘tar kechasi ham Rossiya droni Sumi shahridagi ko‘p qavatli binoga kelib urilgandi. O‘shanda to‘qqiz kishi halok bo‘lgan, yana 13 kishi yaralangandi.
Ukrainaning Rossiyaning Belgorod va Kursk oblastlari bilan chegaradosh Sumi oblastiga deyarli har kuni dronlar, raketalar va boshqariladigan aviatsiya bombalari katta zarar yetkazmoqda. Bundan tashqari, hudud Rossiya artilleriyasi nishonida turadi.
2024 yil avgustida Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastida amaliyot boshlaganidan beri Sumi oblastini o‘qqa tutish faollashdi.
Fevral oyi oxirida Rossiya armiyasi Sumi oblastida davlat chegarasini kesib o‘tdi va Ukraina qurolli kuchlarini Kursk oblastidan chekinishga majbur qilish uchun Ukraina hududiga kirishga urindi.

Mavzuga oid

20:48 / 25.03.2025
AQSh Rossiya va Ukraina bilan Qora dengizda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishib oldi – Oq uy

09:13 / 25.03.2025
AQSh Davlat departamenti: Ukrainadagi tinchlik bo‘yicha tafsilotlar sulhdan keyin ochiqlanadi

08:45 / 25.03.2025
Ukraina Rossiyaning Belgorod oblastida ilgarilamoqda

01:01 / 25.03.2025