“Deportatsiya noinsoniy ruhda kechyapti, amerikaliklar ham shokda” – Nyu Yorkdagi yurist bilan suhbat

Jahon 18:36 5178

Trampni prezidentlik tomon yetaklagan populistik va’dalardan biri – AQShni noqonuniy muhojirlardan tozalash, eng katta deportatsiyani o‘tkazish edi. Prezident inauguratsiyadan keyingi kundanoq bunga qattiq kirishdi. Kun.uz suhbatlashgan immigratsiya masalalari bo‘yicha yurist fikricha, deportatsiya jarayonlari shafqatsiz kechmoqda. Lekin aksariyat amerikaliklarga bu yoqyapti.

AQSh Immigratsiya va bojxona xizmati noyabr oyida chiqargan hisobotiga ko‘ra, kamida 1,5 million muhojirlar dastlabki bosqich deportatsiyada davlatdan chiqarib yuborilishi kerak. Ularning ichida 975 nafari O‘zbekiston fuqarolari. Tramp administratsiyasi ishga kirisharkan, dastavval, lotin va Markaziy Amerika davlatlari fuqarolaridan iborat guruhlarni deport qildi. Muhojirlar harbiy samolyotlarda uylariga jo‘natilmoqda.

Bugun Nyu Yorkdagi huquqshunoslik firmasida ishlovchi immigratsiya masalalari bo‘yicha yurist – Akmal Elmurodovga murojaat qiluvchi muhojirlar soni keskin ko‘paygan. Aksariyat mijozlarimiz – MDH mamlakatlaridan, deydi u. Tramp prezidentlikka kelarkan, demokratlarni Amerika eshiklarini lang ochib qo‘yganlikda, davlatni noqonuniy muhojirlarga to‘ldirganlikda aybladi. Lekin demokratlar bunga tayinli javob bermadi. Hozirgi deportatsiya rostdan ham noinsoniy ruhda o‘tmoqda. Hattoki amerikaliklarning o‘zi shokda, biroq ko‘pchilikka bu yoqyapti, deydi yurist.

AQSh Immigratsiya va bojxona xizmati ro‘yxatidagi 975 nafar o‘zbeklar yurist so‘zlariga ko‘ra, allaqachon sud orqali deportatsiyaga hukmi chiqqan yurtdoshlarimiz. Ya’ni noqonuniy muhojirlar asosan, Meksika orqali AQSh chegarasiga kelib, boshpana so‘raydi. Buning uchun aniq sabab va dalillar keltirilishi kerak. Boshlangan huquqiy protsess uzoq davom etadi, davlatga kirish uchun ichkaridan kafolat talab etiladi. Ro‘yxatdagi 975 nafar o‘zbekistonliklar ichkarida bo‘lish qonun-qoidalarini buzganlar, noqonuniy mehnat faoliyati bilan shug‘ullanganlar hamda jinoiy tarixga ega shaxslar, deydi Elmurodov.

“Bu borada AQSh xizmatlari O‘zbekiston tegishli tashkilotlari bilan birga ishlaydi. Jinoiy tarixga ega fuqarolar birinchi navbatda chiqarib yuborilyapti. Ko‘p mijozlarimiz uyiga xat kela boshlagan. Ular nima qilishini bilmay, huquqshunoslarga murojaat qilmoqda. Chaqirildimi, borish kerak. Amerika katta davlat, lekin bir insonni tutish qiyin emas. Tizim integratsiyalashgan, baribir mashinada qayergadir boradi, karta orqali to‘lov qiladi. Yoki ichkaridagi unga kafolat bo‘lgan odam orqali topiladi”Akmal Elmurodov, yurist.

Ma’lum bo‘lishicha, Trampning qattiq deportatsiya siyosati qo‘shnilari, xususan, Markaziy Amerika davlatlari rahbariyatining jahlini chiqargan. Fuqarolarining harbiy samolyotda jo‘natilayotganini ular qabul qilisholmayapti. Lekin harbiy samolyot tezroq uchadi, tezroq manzilga ularni olib borib, tashlab kelishadi, deydi yurist.

O‘zbeklar taqdiriga qaytsak, yuristning qo‘shimcha qilishicha, hozir ro‘yxatdagilarni faol qidirish ishlari davom etmoqda. Boshqa davlatlarniki kabi o‘zbeklar ham bitta reys to‘ladigan miqdorda yig‘ilsa, O‘zbekiston bilan maslahatlashuvlar orqali ular mamlakatga deport qilinadi. Ungacha ushlangan muhojirlar AQSh immigratsiya va bojxona xizmati (ICE) saqlash punktlarida qoladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda AQShdagi o‘zbeklar bir-biroviga har xil maslahat berayotgani, sud yoki immigratsiya xizmatidan xat kelsa, bormaslikka chaqirayotgani tez-tez ko‘zga tashlanyapti. Huquqshunos Akmal Elmurodov fikricha, bu deport qilinuvchilar ro‘yxatiga yanada tezroq tushishga sabab bo‘ladi.

“AQSh immigratsiya sudlari ishni juda uzoq ko‘radi. Yillab davom etayotgan ishlar bor. Masalan, 2020-2021 yillarda boshlangan sud ishlari hukmi hali ham chiqmagan. Lekin sudga chaqirilgan vaqtda borilmasa, bu hurmatsizlik hisoblanadi va bir tomonlama hukmga sabab bo‘ladi. Migrantlar o‘z yuristlari bilan doimiy aloqada bo‘lishi kerak”Akmal Elmurodov, yurist.

Shu o‘rinda qo‘shimcha qilib o‘tish kerakki, Tramp va respublikachilar butunlay migratsiyaga qarshi emas, ular noqonuniy migratsiyani cheklamoqchi. Bundan tashqari, Tramp Oq uyga qaytgan kundan e’tiboran Meksika orqali qochoq bo‘lib ro‘yxatdan o‘tish imkonini beruvchi onlayn ilovalar ishlamay qolgan. Hozirga kelib Tramp Meksika chegarasidagi biror odamni o‘tkazmaslikni topshiriq bergan. Yurist Elmurodovning qo‘shimcha qilishicha, bu hali boshlanishi. Vaqt o‘tgan sayin AQShdagi deportatsiya to‘lqini kuchaya boradi.

Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: