O‘zbekiston | 12:09 / 10.02.2025
4091
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda rus tilidan sertifikat olish tizimi yo‘lga qo‘yilishi mumkin

Rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligiga oid imtihonlarni o‘tkazish va sertifikat berish tizimi O‘zbekistonda yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.

Foto: Migratsiya agentligi

Migratsiya agentligi xabar qilishicha, bu masala Qozon federal universiteti rahbariyati bilan uchrashuv davomida muhokama qilindi.

Markazning O‘zbekistonda faoliyat yuritishi Rossiyada ishlash huquqini beruvchi ruxsatnoma (patent) rasmiylashtirishda talab qilinadigan sertifikat olish jarayonlarini sezilarli tarzda yengillashtiradi, xarajatlar kamayadi, ortiqcha ovoragarchiliklar oldi olinadi.

Migratsiya agentligi rahbariyati boshchiligida delegatsiya a’zolari Sankt Peterburgda “Severniy” migratsiya markazida bo‘lib, o‘zbekistonliklar bilan ham uchrashdi. Ularga legalizatsiya jarayonlari, huquqiy maqomini rasmiylashtirish va patent olish bo‘yicha ma’lumotlar berildi. Rus tili imtihonlari hamda tibbiy ko‘rik jarayonlari bilan yaqindan tanishildi.

Shuningdek, Xalqaro mehnat migratsiyasiga ko‘maklashish assosiatsiyasi hamda “SberBank” mas’ullari bilan uchrashuvda  “SberBank”ning “Mehnat migranti elektron kartasi” loyihasi muhokama qilindi.

Delegatsiya a’zolari “Baltiyskiy bereg”, “Migroservis”, “MiruStroy” kabi kompaniyalar vakillari, “Tokio Siti” restoranlar tarmog‘i, “Petrovich” qurilish shirkati va “Baxroma” restorani rahbarlari bilan O‘zbekiston fuqarolarini ishga jalb etish bo‘yicha muzokaralar ham o‘tkazdi.

Mavzuga oid