Rossiyaning «Rosobrnadzor» tashkiloti migrant bolalarning rus tilini bilishini tekshirish uchun metodik materiallar va test tizimini tayyorlashni yakunlamoqda, dedi bosh vazir o‘rinbosari Dmitriy Chernishenko. Testlar 2025 yil 1 aprelda boshlanishi rejalashtirilgan.
Uning aniqlik kiritishicha, tashkilotda baholash mezonlari tayyorlanmoqda va turli sinflar uchun turli darajadagi testlar talab qilinishi allaqachon aniq.
«Kelgusi yilning 1 aprelidan boshlab bunday ishlar mamlakatimizning barcha ta’lim muassasalarida tizimli ravishda rivojlantiriladi», dedi u RIA Novosti agentligiga bergan intervyusida.
U mezonlar haqida batafsil ma’lumot bermadi. Chernishenkoning qo‘shimcha qilishicha, har yili 155 mingga yaqin migrant bola rus maktablariga boradi.
11 dekabr kuni Rossiya Davlat dumasi migrant bolalarni rus tilidan bilimini sinovdan o‘tkazmasdan maktablarga qabul qilishni taqiqlovchi qonunni qabul qilgan edi.