2025 yilda “Yashil bino” sertifikati joriy etiladi

O‘zbekiston 09:38 / 09.01.2025 1054

Prezidentning “O‘zbekiston–2030 strategiyasini Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi

Ustuvor yondashuvlar resurs tejamkor iqtisodiy rivojlanish modeliga o‘tish orqali 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sishini kamida 6 foiz va uning hajmini 200 milliard dollarga yetkazish, inflatsiyani 5 foiz, budjet taqchilligini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foiz darajasida saqlash, kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirish maqsadlariga erishishga asos bo‘ladi.

Bunda 2025 yilda “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini joriy qilish, iqtisodiyotni dekarbonizatsiya qilish va iqlim o‘zgarishiga moslashishga qaratilgan loyihalarni barqaror moliyalashtirish borasida:

  • Parij bitimining talablaridan kelib chiqib, O‘zbekistonning uglerod neytralligiga erishishining uzoq muddatli strategiyasi ishlab chiqilishi;
  • iqlim o‘zgarishiga moslashish, “yashil texnologiya”lar transfertini inobatga olgan holda global miqyosda mamlakatimizni kelgusi 5 yilda issiqxona gazlarini qisqartirish bo‘yicha Milliy miqyosda belgilangan hissa (NDC) e’lon qilinishi;
  • metan emissiyasini qisqartirish majburiyati doirasida tabiiy gaz, chiqindilar va chorvachilik sohalarida metan emissiyasining bazaviy holati aniqlanishi;
  • umumiy quvvati 3,5 Gigavatt bo‘lgan 16 ta yirik quyosh va shamol stansiyacini ishga tushirish, umumiy quvvati 160 megavattli yirik gidroelektrostansiyalarni barpo etish orqali jami elektr energiyasi generatsiyasidagi ulushi 26 foizga yetkazilishi;
  • qisqartirilgan issiqxona gazlari savdosidan kamida 10 million dollar miqdoridagi xorijiy mablag‘lar jalb qilinishi;
  • Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Qo‘qon kabi turistik shaharlarni kompleks “yashil rivojlantirish”ga qaratilgan dastur ishlab chiqilib, amalga oshirilishi;
  • Mirishkor, G‘ijduvon, Romitan, Chimboy va Amudaryo tumanlarining kompleks iqtisodiy rivojlanish master rejalari tajriba-sinov tariqasida “yashil tamoyil”lar asosida ishlab chiqilishi;
  • 2025 yilda yangi quriladigan bino-inshootlar va uy-joylar energiya samaradorligidan kelib chiqib, “Yashil bino” sertifikati joriy etilishi ta’minlanadi.
 
Ko‘proq yangiliklar: