O‘zbekistonda pillachilik sohasida band bo‘lgan fuqarolar haqidagi ma’lumotlar yangiish.mehnat.uz platformasiga kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasining «Pillachilik sohasida ayollarni bosqichma-bosqich ish bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, prezidentning 2024 yil may oyida tegishli farmoniga muvofiq, 2027 yilga qadar pillachilik sohasida mavsumiy bandlikni 2 million kishiga yetkazish rejalashtirilgan.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi pillachilik klasterlari bilan birgalikda ishsiz ayollarni ipak qurti yetishtirish agrotexnikasi va uni qayta ishlash ko‘nikmalarini o‘rgatish kurslariga jalb qilmoqda.
Bunda ushbu kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan shaxslarning bandligi 105 ming gektar yer maydonida yangi tut plantatsiyalarini barpo etish va dalalar chetiga yangi tut ko‘chatlarini ekish hisobidan ustuvor tartibda ta’minlanadi.
O‘quv kurslarini video-konferens-aloqa orqali o‘tkazishda ishtirok etish uchun Xitoy, Vetnam, Hindiston, Yaponiyadan pillachilik mutaxassislarini taklif etish rejalashtirilmoqda.
Sohada band bo‘lganlar haqidagi ma’lumotlar yangiish.mehnat.uz platformasiga kiritiladi. Shu yerda kurslarda ta’lim olgan va doimiy hamda mavsumiy ishga qabul qilingan ayollar soni hisobga olinadi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Soliq qo‘mitasi asosiy parametrlarga muvofiq pillachilik sohasida qisqa muddatli o‘quv kurslarini tamomlagan xotin-qizlarning doimiy va mavsumiy ishlarga qabul qilingani hisobini ham shu platforma orqali yuritadi.