Jahon | 12:24 / 10.02.2025
3019
3 daqiqa o‘qiladi

Makron Trampni YeI bilan savdo urushiga kirishmaslik haqida ogohlantirdi

Fransiya prezidenti AQShga savdo urushini boshlash o‘rniga Xitoy, Yaqin Sharqdagi inqiroz va Ukrainadagi urushga qarshi turishga e’tibor qaratishni maslahat berdi.

Foto: CNN

Fransiya prezidenti Emmanuel Makronga ko‘ra, AQShning Yevropa Ittifoqi tovarlariga bojlar joriy etishi inflatsiyaning oshishiga olib kelishi bilan Amerika iqtisodiyotiga zarar yetkazishi mumkin. Makron 10 fevral, dushanba kuni CNN telekanaliga bergan intervyusida Vashingtonni Yevropa Ittifoqi bilan savdo urushini boshlash o‘rniga Xitoy, Yaqin Sharqdagi inqiroz va Ukrainadagi urushga qarshi turishga e’tibor qaratishga chaqirdi.

«Yevropa sizning ittifoqdoshingiz va agar siz Yevropa sarmoya, mudofaa va xavfsizlik masalalarida ko‘proq ishtirok etishini istasangiz, taraqqiyotga umid qilsangiz, bu AQSh manfaatlariga mos keladi, deb hisoblayman, bojlar bilan tahdid qilib, Yevropa iqtisodiyotiga zarar yetkazmasligingiz kerak», deb ta’kidladi Fransiya prezidenti.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Yevropa Ittifoqiga bojxona to‘lovlari bilan tahdid qilib, Yevropa bilan savdo taqchilligini kamaytirish zarurligini aytib o‘tgandi. Yevropa Ittifoqi tegishli javobga tayyor ekanini ma’lum qildi. Bir kun avval Tramp barcha davlatlar uchun istisnosiz AQShga po‘lat va alyuminiy importiga 25 foizlik boj joriy etilishini e’lon qildi. Uning birinchi prezidentlik davridagi xuddi shunday harakat AQSh va Bryussel o‘rtasida keskin savdo mojarosiga olib keldi. O‘shanda Yevropa Ittifoqi bir qator Amerika tovarlari, jumladan, Harley-Davidson mototsikllari va Levi Strauss kiyim-kechak brendiga o‘zining maxsus bojlarini o‘rnatdi.

Tramp po‘lat va alyuminiy importiga bojlar haqida e’lon qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp AQShga po‘lat va alyuminiy importiga 25 foizlik bojlar joriy etilishini e’lon qildi, deb xabar berdi dpa 10 fevral kuni. Respublikachiga ko‘ra, yangi tariflar barcha mamlakatlarga ta’sir qiladi va shu haftadan rasman kuchga kiradi. Bundan tashqari, Tramp Amerika tovarlariga boj qo‘yadigan davlatlar uchun «javoban tariflar» joriy etish niyatida ekanligini ma’lum qildi.

Oq uyga qaytgach, Tramp qattiq tarif siyosatini amalga oshirishga kirishdi. U Yevropa bilan savdo kamomadini kamaytirish zarurligini ko‘rsatib, Yevropa Ittifoqiga bojlar joriy qilish bilan tahdid qildi va «noqonuniy muhojirlar va giyohvand moddalar tahdidi» tufayli Xitoydan keladigan tovarlarga 10 foiz, qo‘shni Meksika va Kanada mahsulotlariga esa 25 foizlik bojlar joriy etishni buyurdi. Ottava va Mexiko AQSh bilan chegaralarida xavfsizlikni kuchaytirishga va’da berganidan so‘ng, bojlar 30 kun davomida muzlatib qo‘yildi.

Mavzuga oid