Ukraina birinchi marta Fransiyaning Mirage qiruvchi samolyotlaridan foydalandi
Fransiya tomonidan harbiy yordam doirasida taqdim etilgan Mirage 2000 qiruvchi samolyotlari Ukrainaga fevral boshlarida yetib kelgandi.

Foto: Flickr
Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) Rossiya tomonidan muhim infratuzilma obektlariga uyushtirilgan hujumni qaytarishda birinchi marta Fransiya taqdim etgan Mirage 2000 qiruvchi samolyotlaridan foydalandi. Bu haqda mamlakat UQK Havo kuchlari xabar berdi.
Ukrainalik harbiylarning ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya havo hujumini amalga oshirishda 261 ta vositadan, jumladan, turli tipdagi 67 ta raketa va 194 ta drondan foydalangan — hujumning asosiy nishoni gaz sanoati obektlari bo‘lgan.
Fransiya tomonidan taqdim etilgan qiruvchilardan jangovar holatda foydalanilganini Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham tasdiqladi. Shuningdek, davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, UQK hujumni qaytarishda F-16 qiruvchilaridan ham foydalangan.
UQK Havo kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, ukrainalik harbiylar 134 ta havo nishonini yakson qilishga muvaffaq bo‘lgan, ular orasida 25 ta X-101 va X-55CM qanotli raketalari, 8 ta «Kalibr», 1 ta boshqariluvchan X-59/69 aviatsiya raketasi va 100 ta uchuvchisiz uchish apparati bor. Bundan tashqari, Rossiyaning o‘nlab raketalari nishonga yetib bora olmagan, 86 ta «imitator» dron salbiy oqibatlarni yuzaga keltirmay, «yo‘qolgan».
Zelenskiyning aniqlik kiritishicha, hujum Odessa, Poltava, Chernigov va Ternopol oblastlarining energetika obektlariga uyushtirilgan. Shu bilan birga, aholi turar-joylariga ham shikast yetgan: Xarkivda Rossiya raketasi ko‘p qavatli turar-joy binosi yaqiniga kelib tushgan, oqibatda tinch aholi jarohat olgan.
Fransiya tomonidan harbiy yordam doirasida taqdim etilgan Mirage 2000 qiruvchi samolyotlari Ukrainaga fevral boshlarida yetib kelgandi. Kiyevga aynan nechta samolyot berilgani ochiqlanmagan, ammo La Tribune manbalariga ko‘ra, birinchi partiyadan uchta bort o‘rin olgan, Fransiya tomoni Ukrainaga bu turdagi qiruvchilardan jami oltita berishi mumkin.
Mirage 2000 ning Ukrainaga berish qarori haqida ilk bor Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 2024 yil iyunda ma’lum qilgandi. Dekabr oyida esa Fransiya mudofaa vaziri Sebastyan Lekornyu yetkazib berishlar 2025 yil mart oxiriga qadar amalga oshirilishi, qiruvchi samolyotlar yangi «havo-yer» va radioelektron kurash tizimi bilan jihozlanishini tasdiqlagan edi.
Mavzuga oid

20:14
Shavkat Mirziyoyev 11 mart kuni davlat tashrifi bilan Fransiyaga boradi

23:34 / 07.03.2025
Fransiya razvedkasining sobiq boshlig‘i milliarder Bernar Arnoga yordam bergani uchun to‘rt yilga qamaldi

04:48 / 06.03.2025
«Rossiya Fransiya va Yevropa uchun tahdidga aylandi». Makron fransuz xalqiga murojaat yo‘lladi

19:28 / 23.02.2025