Stradivarining uch asr oldingi skripkasi auksionda 11,3 mln dollarga sotildi

Jahon 23:26 / 08.02.2025 513

Nyu-Yorkdagi Sotheby’s auksioni orqali Antonio Stradivarining skripkasi 11,3 million dollarga sotildi, deb xabar beradi Associated Press. Mazkur skripka taxminan 1714 yilda yasalgan.

Joachim-Ma Stradivarius skripkasi — Stradivarining eng yaxshi musiqiy asboblaridan biri hisoblanadi. U ustaning «oltin davri»da yasalgan.

Sotheby’s ma’lumotlariga ko‘ra, skripka boy tarixga ega: aynan u buyuk bastakor Yogannes Bramsni «Re major skripkasi uchun konsert»ini yaratishga ilhomlantirgan, shuningdek, 1879 yilda ushbu san’at asarining premerasida foydalanilgan.

«Ushbu skripka mohirlik va klassik musiqa tarixining cho‘qqisini o‘zida mujassam etadi. Uning o‘ziga xos ohangi va boy o‘tmishi butun dunyo bo‘ylab kolleksionerlar hamda musiqachilar e’tiborini tortdi», — deydi Sotheby’s raisi Mari-Klaudiya Ximenes.

Mazkur skripkaga ikki nafar mashhur bastakor egalik qilgan: vengriyalik skripkachi Yozef Yoaxim va xitoylik musiqachi Ma Sihong. Maning o‘limidan keyin oila skripkani Bostondagi Yangi Angliya konservatoriyasiga topshirgan. Endi esa uni sotishdan tushgan mablag‘lar talabalar stipendiyasi uchun yo‘naltiriladi.

Stradivarining jami 650 ga yaqin musiqiy asbobi saqlanib qolgan. Joachim-Ma Stradivarius buyuk musiqachilar va bastakorlarga bog‘liq bo‘lgani, shuningdek, uch asrdan beri o‘zgarmay kelayotgan o‘ziga xos tovushi sabab alohida ahamiyat kasb etadi.

Ko‘proq yangiliklar: