Qirg‘izistonda davlat madhiyasining yangi matni va musiqasi uchun tanlov e’lon qilindi, deb xabar beradi Kabar agentligi.
Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, tanlov Qirg‘iziston xalqining tarixiy merosi, madaniy an’analari va milliy birligini aks ettiruvchi yuksak badiiy musiqiy asar yaratish maqsadida o‘tkazilmoqda.
Tanlovda bastakorlar, musiqachilar, shoirlar, yozuvchi guruhlar va ijodiy uyushmalar ishtirok etishi mumkin.
Loyihalar vatanparvarlik, tantanalilik va adabiy me’yorlarga muvofiqlik bo‘yicha baholanadi. Tanlov g‘olibini Jog‘orku Kengesh deputatlari, yozuvchilar, bastakorlar va madaniy arboblardan iborat komissiya aniqlaydi. Agar munosib variant topilmasa, tanlov bekor qilinishi mumkin.
Idoraning qayd etishicha, tanlovda nafaqat yangi, balki mualliflik huquqlarida rioya qilingan holda oldin ijro etilgan musiqiy asarlar bilan ham ishtirok etish mumkin. Tanlov g‘oliblariga pul mukofoti beriladi.
Ma’lumot uchun, Qirg‘izistonning davlat madhiyasi 1992 yil 18 dekabrda mamlakat Oliy Kengashining qarori bilan tasdiqlangan. Dastlab u uch kuplet va naqoratdan iborat edi. Ammo Jogorku Keneshning 2012 yil 27 dekabrdagi qarori bilan ikkinchi kuplet chiqarib tashlangan.
Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston 2023 yil 22 dekabrda davlat bayrog‘ini ham o‘zgartirgan edi. Undagi quyosh nurlarining to‘lqinsimon shakli to‘g‘ri chiziqli shaklga almashtirilgan.