Parij prokuraturasi ehtimoliy «algoritmik xatoliklar» sabab X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘iga nisbatan tergov boshladi, deb xabar beradi France Info telekanali.
Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, X tarmog‘iga nisbatan tergovlar «Respublika uchun birga» markazchi koalitsiyasi deputati Erik Botorelning arizasidan keyin boshlangan.
Botorel 12 yanvarda Parij kiberprokuraturasiga amerikalik milliarder Ilon Maskka tegishli ijtimoiy tarmoq algotirmlari to‘g‘ri ishlamasligiga oid shikoyatni kiritgan. Ushbu algoritmlar, «ma’lumotlarni qayta ishlash tizimining avtomatlashtirilgan ishida xatolik keltirib chiqargan bo‘lishi mumkin», deyiladi tergov bilan shug‘ullanayotgan Parij prokuraturasi bayonotida.
«Sudyalar va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘linmasining mutaxassislari uni tahlil qilib, dastlabki texnik tekshiruvlarni o‘tkazmoqda», — deya ta’kidlanadi xabarda.
Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi akt doirasida 2023 yil dekabrdan beri X platformasiga nisbatan bir qancha tergovlar Yevropa Ittifoqi darajasida davom etmoqda. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar oyida Yevrokomissiya X ga nisbatan dastlabki tergovini yakunlagan va tez orada ko‘p millionlik jarimasini belgilaydi.
Shu bilan birga, Germaniya sudi Ilon Maskning platformasi saylovlar natijasiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan axborotni kuzatish imkonini beradigan ma’lumotlarni taqdim etishi kerakligi bo‘yicha qaror chiqargan.