Buyuk Britaniya Ukraina harbiylari foydalanishi uchun mo‘ljallangan ekipajsiz boshqariluvchi ikkita dengiz kemasini yaratishda ishtirok etmoqda. Bu haqda mamlakat mudofaa xaridlari vaziri Mariya Igl tomonidan parlamentga yo‘llangan murojaatga tayanib, Naval Technology xabar berdi.
4 fevral sanasi tushirilgan maktubda vazir Wasp va Snapper nomli ekipajsiz boshqariluvchi dengiz tizimlarini yaratish dasturlari ustida ish olib borayotganini ma’lum qilgan. Ushbu loyihalar Britaniya mudofaa vaziri Jon Xili tomonidan 28 yanvarda tashkil etilgan kechki ovqatda tilga olingandi.
Mariya Iglning qayd etishicha, Wasp va Snapper Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus yaratiladigan «yangi ekipajsiz dengiz tizimlari» bo‘ladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda dronlar yakuniy testlardan o‘tmoqda.
Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi Naval Technology’ga (NT) loyihalar to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumot berishdan bosh tortgan.
NT’ning yozishicha, Ukraina uchun bu turdagi kemalarining yaratilishi to‘g‘risidagi ma’lumot Kiyevga Gravehawk zenit-raketa majmualarini yetkazib berish bo‘yicha uzoq vaqtdan beri rasmiy xabarlar berilmagani fonida tarqalgan. Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer yanvar o‘rtalarida Kiyevga uyushtirgan tashrifida ushbu tizimlar topshirilishini tasdiqlagan edi. Britaniya hukumatining saytida e’lon qilingan bayonotga ko‘ra, Gravehawk ukrain armiyasi uchun qisqa muddatda yaratilgan, uning ikkita prototipi 2024 yil sentabrda Ukrainada sinovdan o‘tkazilgan.
GlobalData tomonidan o‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, ekipajsiz boshqariladigan suvosti va suvusti apparatlarining rivojlanishi dengizlardagi jang harakatlarini butunlay o‘zgartirib yuboradi. Nashr bunga misol sifatida Ukraina Rossiyaning Qora dengiz flotiga qarshi foydalanayotgan dengiz dronlarini keltirgan. Ular yordamida Qora dengiz flotining 30 foizdan ortig‘iga jiddiy shikast yetkazilgan yoki yo‘q qilingan.