Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.
Uch yil oldin qabul qilingan xizmatlar sektorini rivojlantirish bo‘yicha katta dastur bugun natijasini berayotgani ta’kidlandi.
Qo‘shimcha 1,5 million aholi servis sohasida doimiy daromadga ega bo‘ldi. Xizmatlar 2018 yildagi 19 milliarddan 65 milliard dollarga oshdi (o‘sish – 3,5 barobar).
Ayniqsa, IT, moliyaviy xizmatlar, turizm, aviatsiya, ta’lim va tibbiyot sohalarida «katta sakrash» bo‘ldi.
So‘nggi yetti yilda aholi daromadi va to‘lov qobiliyati 2 karra o‘sgani natijasida aholida yangicha xizmat va servis turlariga talab ortmoqda.
Shunga yarasha vazirlar va hokimlar talabga mos ravishda xizmatlarni rivojlantirishi kerakligi qayd etildi.
Servisni rivojlantirish bo‘yicha vazir va hokimlarda yondashuv har xilligi, birgalikda ishlash yo‘lga qo‘yilmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Masalan, Xorazmga 6 million mahalliy va xorijiy sayyoh olib kelish reja qilingan bo‘lsa-da, Xorazmga haftasiga 52 ta aviareys va 23 ta poyezd qatnovida tashilayotgan yo‘lovchilar yiliga 800 mingdan oshmayapti. Buxoro va Samarqandga kelgan turistlarning ko‘pchiligi Xivaga aviareys bo‘lmagani uchun qaytib ketyapti.
Yana bir misol, yetti yilda xususiy klinikalar soni 3 karra oshdi. Ko‘p klinikalar olib kelingan brend tibbiy uskunalarni ro‘yxatdan o‘tkazish 6 oygacha cho‘zilayotganidan norozi bo‘lib, chetdan keladigan uskunalarni soddalashgan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish taklifini beryapti.
Joylarda tibbiy laboratoriya ochish uchun tadbirkorlar akkreditatsiyadan o‘tishga oylab vaqt sarflayapti. To‘siqlar juda ko‘p. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, har bir viloyatda 10 nafardan shunday tadbirkor bor. Ular 1 million dollardan pul tikib, laboratoriya ochishga tayyor.
Tibbiyot, aviatsiya va energetikada xususiy sektor ishtirokidagi loyihalar 20 milliard dollardan oshdi.
Lekin, ichimlik suvi, kanalizatsiya va yo‘l qurilishida bunday loyihalar deyarli yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi. Sharoit yaratib berilsa, 1 milliard dollar sarmoya kiritib, 10 mingta ish o‘rni qilaman, degan mahalliy tadbirkorlar juda ko‘p.
Uch yil oldin 5 ming kvadrat metrdan ortiq savdo va servis obektlari qurish bo‘yicha imtiyoz berilgan. O‘tgan davrda 209 ta bunday obektlar qurildi. Lekin, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida bu boradagi ishlar qoniqarsiz.
So‘nggi to‘rt yilda chorvachilikni rivojlantirish uchun xalqaro moliya institutlaridan 700 million dollar olib kelindi, bu yil yana 350 million dollar jalb qilinadi. Buning hisobiga kamida 20 mingdan ziyod veterinarga ehtiyoj paydo bo‘ladi. Birgina Buxoroda 250 nafar veterinarga talab bor.
Yil yakunigacha xususiy veterinariya va para-veterinariya xizmati hajmini 5 baravarga oshirish topshirildi.
Hamma hududlarda ham xizmatlar birdek rivojlanmayotgani qayd etildi. Misol uchun, Nukus tumanida o‘tgan yili 363 milliard so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilib, 22 foizga o‘sgan. Lekin aholisi undan 2 baravar ko‘p bo‘lgan Guliston tumanida xizmatlar hajmi Nukus tumanidan 30 milliard so‘mga kam.
Yoki, Namangan shahrida jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar 13 million so‘mga ham yetmasligi (Jizzax shahrida – 33 million so‘m) haliyam «xufiyona iqtisodiyot» yuqoriligidan dalolat beradi.
Nishon, Yangiqo‘rg‘on, Narpayda IT xizmatlari ancha orqadaligi, Samarqand va Yangiyer shahri, Mirzaobod, Mirzacho‘lda moliyaviy xizmatlar hajmi pasaygani, Qarshi shahri, Jomboy, Urgut, Urganch, Uchtepa tumanlarida savdo o‘smayotgani, Farg‘onaning 7 ta tumanida tibbiy xizmatlar hajmi qisqargani tanqid qilindi.
Hamma vazir va hokimlar yangi-yangi xizmat turlarini ko‘paytirish bo‘yicha har kuni izlanishda bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bu yilda xizmatlar hajmini 15 foizga oshirib, 82 milliard dollarga, eksportini esa 8,5 milliard dollarga olib chiqish, sohada 2,5 million odamni daromadli qilish bo‘yicha katta marra olingan.