Jahon | 22:19 / 07.02.2025
5333
2 daqiqa o‘qiladi

Time muqovasiga prezident kursisida o‘tirgan Ilon Mask surati joylashtirildi

Jurnalning amerikalik milliarder haqidagi maqolasida uning USAID’ga qarshi «salb yurishi» bayon qilingan.

Time jurnali SpaceX asoschisi Ilon Maskning AQSh prezidenti stoli ortidagi kursida o‘tirgan holda tasvirlangan suratini o‘z muqovasiga joylashtirdi.

Foto: Time

«Ilon Maskning Vashington bilan urushi ichida» sarlavhali maqolada Mask rahbarlik qilayotgan Hukumat samaradorligi departamentining (DOGE) AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligiga (USAID) qarshi «salb yurishi» bayon qilingan.

Time’ning yozishicha, DOGE allaqachon Raqamli xizmatni egallagan va kadrlar resurslari bo‘yicha federal departamentda platsdarm yaratgan, Mask esa «hech qanday qarshilikka toqat qilmasligini ko‘rsatgan».

Jurnalning qayd etishicha, Mask aftidan unga «hukumatni o‘z kun tartibiga moslashtirish uchun keng qamrovli mandatni» topshirgan prezident Donald Trampdan boshqa hech kimning oldida javobgar emas.

Maskning harakatlari Demokratik partiya vakillarining qarshiligini yuzaga keltirdi — va bu «urush hukumatning kelajagi hamda undagi kuchlar muvozanatini belgilab berishi mumkin», deb yozadi Time.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil noyabrida Donald Tramp tadbirkor Ilon Maskni DOGE rahbari etib tayinlagan edi. DOGE «har yili 6,5 milliard dollarlik davlat xarajatlarida mavjud bo‘lgan katta isrofgarchilik va firibgarlikni yo‘q qiladi», degan edi o‘shanda Tramp. Uning so‘zlariga ko‘ra, departament Oq uyning budjet idorasi bilan hamkorlik qiladi va «maslahat va ko‘rsatmalar beradi».

Mavzuga oid