AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) xodimlarini ommaviy ishdan bo‘shatishga tayyorlanmoqda, deb xabar beradi Reuters.
Agentlikning o‘z manbalariga tayanib yozishicha, USAID’ning butun dunyo bo‘ylab faoliyat yuritayotgan 10 ming xodimidan faqat 294 kishi ishda qolishi mumkin. Xususan, agentlikning Afrikadagi byurosida 12 nafar, Osiyoda esa sakkiz nafar xodim qoladi. Manbaning qo‘shimcha qilishicha, ayrim xodimlar allaqachon ishdan bo‘shatilgani haqida xabarnomani olgan.
USAID’ning sobiq rahbari (1993-1999 yillar), Braun universiteti huzuridagi Uotson instituti katta ilmiy xodimi Jon Brayan Etvudning so‘zlariga ko‘ra, xodimlarning ommaviy ishdan bo‘shatilishi dunyo bo‘ylab o‘n millionlab insonga yordam berib kelgan agentlikning yakson qilinishiga olib keladi. «Ko‘plab odamlar omon qolmaydi», — deydi Etvud.
Avvalroq AQSh prezidenti yangi hukumat samaradorligi departamenti rahbarlaridan biri etib tayinlagan biznesmen Ilon Mask USAID’ni tanqid qilgan edi. Tesla va SpaceX bosh direktori agentlikni jinoiy tashkilot deb atagan va USAID’ni biologik qurollarni ishlab chiqishni moliyalashda ayblagan. Shuningdek, AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi rahbariyati iste’foga chiqishini ma’lum qilgan edi.
USAID — AQSh hukumati huzuridagi mustaqil agentlik bo‘lib, boshqa davlatlarga yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Davlat kotibi Marko Rubio agentlik direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.