O‘zbekistonning Islandiyadagi birinchi elchisi tayinlandi

O‘zbekiston 16:24 647

O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi favqulodda va muxtor elchisi Ravshan Usmonov (qarorgohi London shahrida joylashgan) Islandiya prezidenti Xalla Tomasdottirga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Qayd etilishicha, rasmiy marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida Islandiya prezidenti Xalla Tomasdottir ikki tomonlama munosabatlar tarixida ilk bor O‘zbekiston elchisining ushbu mamlakatga tayinlanishi O‘zbekiston prezidenti tomonidan olib borilayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosatning natijasi ekanini ta’kidlagan.

Shuningdek, O‘zbekiston va Islandiya o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha fikr almashilgan. Savdo-iqtisodiy, madaniy va turizm sohalarida aloqalarni jadallashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Islandiya yetakchisi energetika, yuqori texnologiyalar va raqamlashtirish, baliqchilik, turizm hamda atrof-muhitni himoya qilish kabi sohalardagi hamkorlik ikki tomonlama manfaatli bo‘lishini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Islandiya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1997 yil 25 sentabrda o‘rnatilgan. Elchi Ravshan Usmonov 2024 yil 16 may kuni Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi qiroli Charlz III ga ishonch yorliqlarini topshirgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: