Fransiya sobiq prezidenti Nikolya Sarkoziga elektron braslet taqiladi

Jahon 23:01 / 07.02.2025 1126

«Korrupsiya, ta’sir va tergovga bosim o‘tkazish ishi»da ayblanib uch yil qamoqqa hukm etilgan Fransiya sobiq prezidenti 7 fevraldan boshlab yil davomida elektron braslet taqqan holda yurishi kerak. Bu haqda 18 dekabrda sobiq prezidentning apellyatsiyasini rad etgan va hukmni yakuniy deya tan olgan Kassatsiya sudi qarorida so‘z boradi. Yanvar oxirlarida Sarkozi Parij sudiga chaqirilgan va unga jazo shartlari tushuntirilgan edi.

Nikolya Sarkozi 2021 yilda uch yil muddatga qamalgandi (ikki yil — shartli, bir yil — elektron braslet taqqan holda uyda jazo o‘tash). 2023 yil may oyida sud Nikolya Sarkozini o‘z advokati Terri Ersog va Kassatsiya sudining yuqori martabali sudyasi Jilber Aziber bilan birgalikda aybdor deb topgandi. Tergov versiyasiga ko‘ra, Nikolya Sarkozi Jilber Aziberga Monakoda nufuzli sud lavozimini egallashga yordam berishni va’da qilib, undan «Betankur ishi»ga oid sud jarayonlari bo‘yicha maxfiy ma’lumotlarni olgan.

70 yoshli sobiq prezidentga uyini soat 08:00 dan 20:00 ga qadar (dushanba, chorshanba va payshanba kunlari — 21:30 gacha) tark etishga ruxsat beriladi. Qonun 70 yoshdan oshgan mahbuslarga shartli ravishda ozodlikka chiqish uchun ariza berish imkoniyatini taqdim etsada, sobiq prezident hozircha bu huquqidan hali foydalanmagan. Ammo u istalgan vaqtda bunday iltimosnomani berishi va brasletdan qutulishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar boshlarida Parij jinoiy sudida Nikolya Sarkoziga nisbatan prezidentlik kampaniyasini noqonuniy moliyalashtirish ishi bo‘yicha yangi eshituvlar boshlangandi. Fransiya sobiq prezidenti 2007 yilda o‘zining saylovoldi shtabiga Muammar Qazzofiyga bog‘liq Liviya fondlaridan 50 million yevro mablag‘ jalb etganlikda gumonlanmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: