Ispaniya vazirlari Ish beruvchilar assotsiatsiyasining qarshiligiga qaramay, koalitsiya hukumatining asosiy chora-tadbirlaridan birini ilgari surib, ish haftasini mehnat haqini o‘zgartirmasdan 37,5 soatga qisqartirishga kelishib oldi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Vazirlar Mahkamasi 4 fevraldagi yig‘ilishida «Sumar» partiyasi yetakchisi, Mehnat vaziri Iolanda Dias tomonidan tuzilgan farmon bilan 40 soatlik ish haftasini qisqartirishni ma’qulladi. Endi bu qaror parlamentda tasdiqlanishi kerak.
«Bu chora yaxshiroq yashash, kamroq ishlash va iqtisodiy jihatdan ancha samarali va foydali bo‘lish haqida», dedi Dias jurnalistlarga.
Biroq, yirik ish beruvchilar xarajatlarning oshishi va raqobatbardoshlikning pasayishidan qo‘rqib, tashabbusga qarshi chiqmoqda. Eng yirik ish beruvchilar guruhi SEOE bu masalani kompaniyalar va kasaba uyushmalari o‘rtasidagi jamoaviy muzokaralarga qoldirishga chaqirdi.
Ispaniya hukumatining iqtisodiy bloki o‘zgarish inflatsiyani tezlashtirishi va yangi ish o‘rinlari yaratilishini sekinlashtirishi mumkinligidan xavotir bildirdi.
Iqtisodiyot vaziri Karlos Kuerpo kichik biznesga moslashish uchun vaqt berish uchun ish haftasini qisqartirishni bir yilga kechiktirishni taklif qildi. Biroq, kelishmovchiliklarga qaramay, hukumat kuchli iqtisodiy o‘sish, inflatsiyaning pasayishi va ishsizlikning 16 yillik eng past darajasi fonida islohotlarni davom ettirishga qaror qildi.
Butun dunyoda ish haqini saqlab qolgan holda qisqartirilgan ish haftasi bilan tajribalar ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda faol o‘tkazilmoqda.
Yaqinda Buyuk Britaniyaning 200 ta kompaniyasi to‘rt kunlik ish haftasiga o‘tdi. Bunda asosan yosh xodimlar yangi modelni yoqlab chiqdi. Ular besh kunlik ish haftasini eski davr sarqiti deb hisoblamoqda.