Ozarboyjon Transport vazirligi Azerbaijan Airlines aviakompaniyasiga tegishli Embraer 190 samolyotining Oqtov shahrida halokatga uchragani bo‘yicha tergovning Qozog‘iston tomonidan e’lon qilingan dastlabki hisobotiga izoh berdi. Hisobot parvoz registratorlari (qora qutilar) yozuvlariga asoslangan.
Izohlar quyidagi asosiy bandlarni o‘z ichiga oladi:
- Embraer 190 samolyoti Grozniy shahriga parvozi davomida texnik muammolarga duch kelmagan va to‘liq soz holatda bo‘lgan;
- Samolyotning ikkala dvigateli ham hodisa sodir bo‘lgan paytgacha texnik nosozliklarsiz ishlagan;
- Samolyot Rossiya havo hududida, jumladan, Grozniy aeroporti uzra parvoz qilayotganda GPS signallarini yo‘qotgan;
- Grozniydagi noqulay ob-havo sharoiti tufayli samolyot qo‘nishni ikki marta amalga oshirolmagan, shundan so‘ng kema kapitani Bokuga qaytishga qaror qilgan. Ushbu qaror qabul qilingach, 24 sekund oralig‘ida ikkita tashqi qattiq tovush qayd etilgan;
- Birinchi tovushdan keyin 4 sekund o‘tgach, 3-gidravlika tizimi, 6 sekunddan keyin 1-gidravlika tizimi va 21 sekunddan keyin 2-gidravlika tizimi ishlamay qolgan;
- Fyuzelajda ko‘plab teshiklar va shikastlanishlar aniqlangan;
- Samolyot fyuzelyajida aniqlangan teshiklar tashqi jismlar ta’siridan kelib chiqqan. Hisobotda samolyot qushlar galasi bilan to‘qnashganini ko‘rsatuvchi faktlar mavjudligi to‘g‘risida ma’lumot yo‘q.
- Fyuzelaj ichidan topilgan jismlar samolyotga tegishli emas. Begona jismlarni nima ekanini aniqlash maqsadida qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkaziladi;
- Soat 05:13:32 da samolyotning asosiy boshqaruv tizimlari ishdan chiqqan; 05:21:42 da o‘zaro aloqa dispetcheri Grozniyga «Kovyor» operatsiyasining amalga oshirilishi haqida xabar bergan;
- Hisobotda kislorod balloni portlashi fakti haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.
Bokudan Rossiyaning Grozniy shahriga uchgan AZAL Embraer 190 samolyoti 2024 yil 25 dekabr kuni Qozog‘istonning Oqtov shahri yaqinida halokatga uchradi. Halokatda 38 kishi qurbon bo‘ldi, 29 kishi tirik qoldi. Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev samolyot Grozniy osmonidagi «tashqi ta’sir oqibatida» halokatga uchraganini aytdi va bunda Rossiyani aybladi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya havo hududida yuz bergan «hodisa» uchun Aliyevdan uzr so‘radi. Uning ta’kidlashicha, Bokudan kelayotgan samolyot Rossiya aeroportiga qo‘nmoqchi bo‘lgan vaqtda Grozniy, Mozdok va Vladikavkaz shaharlari Ukraina dronlari hujumiga uchragan va «Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari bu hujumlarni qaytargan».
Qozog‘iston rasmiylari halokat bo‘yicha dastlabki hisobotni 4 fevral kuni e’lon qildi. Unda aytilishicha, samolyot tizimlarida topilgan teshiklar tashqi ta’sir tufayli yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin.