Trampning yangi bojlaridan hamma, xususan AQShning o‘zi ham yutqazadi - ekspertlar

Jahon 15:56 / 04.02.2025 4234

Bojlar oxir-oqibat yakuniy iste’molchilar – oddiy amerikaliklarning o‘zlari uchun narxlar qimmatlashishiga olib keladi, deydi Kamoliddin Rabbimov. Shuhrat Rasulga ko‘ra, tez orada amerikalik iste’molchilar bu bojlarning ta’sirini o‘z cho‘ntagida his qiladi va bu siyosatga ta’sir o‘tkazmay qo‘ymaydi. Shundoq ham Trampning reytingi allaqachon tusha boshlagan, deydi u.

AQSh prezidenti Donald Tramp dushanba kuni Kanada va Meksika mahsulotlariga 25 foizlik boj joriy qilgani bilan dunyo jamoatchiligini shokka tushirdi. Bunday yangilik o‘tgan hafta oxirida kutilayotgan edi – Kun.uz'ning “Geosiyosat” hafta tahlilida siyosiy tahlilchilar ayni mavzuda ham so‘z yuritishgandi.

Kamoliddin Rabbimov AQSh va Kanada juda qalin ittifoqchilar ekani, ular o‘rtasidagi chegaralar dunyodagi eng to‘siqsiz chegaralar sirasiga kirishiga e’tibor qaratdi. O‘zaro boj kiritilishi, bo‘lganda o‘ta yuqori stavkadagi bojlar ikkala mamlakat iqtisodiyotiga ham juda katta zarar yetkazadi.

“Barak Obama davrida Amerika hukumati Yevropa Ittifoqi bilan yagona iqtisodiy zona yaratmoqchi bo‘lgan, o‘sha paytda Yevropa ikkiga bo‘lingan: avtomobil iste’molchilari bu taklifni qo‘llab-quvvatlagan, qishloq xo‘jaligi vakillari esa AQSh mahsulotlari ularning savdosiga zarar yetkazishidan qo‘rqib qarshi bo‘lgan. Bir paytlar Yevropa bilan savdo chegaralarini olib tashlashga intilgan Amerika bugun o‘zining qo‘shnisi, eng katta savdo ittifoqchisiga nisbatan bunday bojlarni joriy qilmoqchi.

Bunga Kanadaning javobi Amerikani qattiq ranjitishi mumkin, chunki bu bojlardan Amerika katta narsa yutmaydi, narxi oshgan mahsulotlarga pulni amerikalik iste’molchilar to‘laydi”, – deydi u.

Shuhrat Rasul hozirda AQSh, Kanada va Meksika o‘rtasida transchegaraviy erkin savdo bo‘yicha kelishuvlar mavjudligi, Tramp esa bu kelishuvlarni buzayotganini ta’kidladi.

“Kanada va AQSh o‘rtasidagi umumiy savdo aylanmasi 250 mlrd dollarni tashkil qilmoqda. Hozirda Xitoy AQShning birinchi raqamli sherigi hisoblansa, ikkinchisi bu – Meksika. Chunki amerikaliklarning avtosanoati Meksikaga ko‘chib ketgan va u yerda meksikaliklar arzon ishchi kuchi sifatida AQSh kompaniyalarida ishlaydi.

Meksika va Kanadadan kirib kelayotgan tovarlar uchun ko‘proq pul to‘lashni istamaydigan amerikalik iste’molchilar siyosatga ta’sir ko‘rsatadi, albatta. Sotsiologik tadqiqotlarga ko‘ra, Tramp prezidentligining ilk kunlardanoq reytingi keskin pasaya boshlagan siyosatchilar qatorida ekan”, – deydi Shuhrat Rasul.

Eslatib o‘tamiz, Tramp kiritgan ulkan bojlar ikki kundan kamroq amal qildi: AQSh shimoliy va janubiy qo‘shnilari bilan kelishuvga erishdi va farmonning amal qilishi vaqtincha to‘xtatildi. Evaziga Kanada va Meksika chegara nazoratini kuchaytirishga va’da bergan.

Ko‘proq yangiliklar: