O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasi yangilandi

Iqtisodiyot 18:46 3293

Statistika agentligi asosan minimal iste’mol xarajatlari qiymati (MIX)ni yangiladi.

2024 yil dekabr oyida may oyiga nisbatan hisoblangan inflatsiyadan kelib chiqib, 2025 yil uchun hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari bir oyda kishi boshiga 669 ming so‘m deb belgilandi.

Bu – 2024 yil may oyidan buyon amal qilib kelgan qiymat (648 ming so‘m)dan 3,2 foizga, bir yil oldin – 2024 yilning yanvaridagi qiymat (621 ming so‘m)dan esa 7,7 foizga yuqori. Vaholanki, agentlik ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilgi inflatsiya 7,7 foizdan ko‘proq – 9,8 foiz bo‘lgan.

MIXni yangilash ikki haftaga kechikkanini ham qayd etish lozim: Prezident va hukumat qarorlariga asosan, statistika organi yangi qiymatni 20 yanvargacha e’lon qilishi kerak edi.

MIXga bog‘langan ijtimoiy to‘lovlar, xususan nafaqalar qaysi sanadan boshlab oshirilishi (kamida 3,2 foizga) hozircha ma’lum emas.

Bandlik vazirligi 2025 yil 2 fevral kuni bergan ma’lumotga ko‘ra, 2024 yil yakuniga ko‘ra kambag‘allik darajasi 11 foiz 8,9 foizga kamaydi. Yil davomida kambag‘allar soni 719 ming nafarga kamayib, yil yakunida 3,3 mln kishini tashkil etgan.

Minimal iste’mol xarajatlari nima?

Statistika agentligining 4 fevral kungi xabarida qo‘shimcha qilinishicha, jahon tajribasida minimal iste’mol xarajatlari ko‘rsatkichidan kambag‘allik chegarasi sifatida foydalanish keng tarqalgan bo‘lib, mazkur ko‘rsatkichdan:

  • davlatning moddiy va boshqa ijtimoiy ko‘maklariga muhtoj aholining maqsadli (target) guruhini aniqlash;
  • kambag‘allikka qarshi kurashish strategiyasi va dasturlarida belgilangan vazifa va chora-tadbirlarning natijadorligi hamda manzilliligini oshirish, shuningdek, ularning doimiy monitoringini yuritish;
  • pensiyalar va nafaqalarning eng kam miqdorini belgilash, shuningdek, kambag‘al oilalarga beriladigan boshqa turdagi moddiy ko‘maklarni ko‘rsatishda mezon sifatida foydalaniladi.

Minimal iste’mol xarajatlarining avvalgi qiymatlari

O‘zbekistondagi minimal iste’mol xarajatlari miqdori 2021 yilda 440 ming so‘mni tashkil etgan, 2022 yil yanvaridan boshlab esa 498 ming so‘m deb belgilangandi. Bu miqdor 2023 yil iyul oyida 498 ming so‘mdan 568 ming so‘mgacha, 2024 yilning yanvarida esa 568 ming so‘mdan 621 ming so‘mgacha oshirilgandi.

2024 yil 1 maydan energetika sohasida bozor mexanizmlari joriy etilayotgani sababli minimal iste’mol xarajatlari 1 maydan qayta hisoblanib, 648 ming so‘m miqdorida belgilangan.

Ko‘proq yangiliklar: