Yevropa Ittifoqi boshpana so‘raganlarni ularning hayoti yoki ozodligiga xavf tug‘diradigan mamlakatga chiqarib yoki qaytarib yuborishni taqiqlaydigan BMTning Qochoqlar maqomi to‘g‘risidagi konvensiyasini qayta ko‘rib chiqmoqchi, deb yozadi The Times.
Konvensiya 1951 yilda qabul qilingan bo‘lib, dunyoning 144 ta mamlakati uni imzolagan. Oxirgi yillarda boshpana so‘rovchilarni qaytarib yubormaslik prinsipi tobora ko‘proq shubha ostiga olinmoqda, chunki Yevropa davlatlari qochoq maqomini berish to‘g‘risidagi arizalar oqimiga bazo‘r dosh bermoqda.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda YeI davlatlari boshpana so‘rab yo‘llangan milliondan ortiq murojaatni qabul qilgan, aholining mazkur tizimdan noroziligi butun Yevropadagi milliatchilar va radikal-populist partiyalarining pozitsiyalarini mustahkamlagan.
The Times o‘z maqolasida Polsha tayyorlagan va allaqachon YeI ichki ishlar vazirlari bilan muhokama qilgan diplomatik hujjatdan iqtibos keltiradi. Maqolada ushbu masala qanchalik chuqur muhokama qilinayotganini anglab bo‘lmaydi. Shu bilan birga gazetaning ta’kidlashicha, mazkur hujjat boshpana uchun rad javobini olganlar, shuningdek, jinoyat sodir etgan qochoqlar va boshqa migrantlarning deportatsiyasini tezlashtirishga oid tashabbuslardan darak beradi.
Hujjatda YeIga a’zo davlatlar hukumatlari konvensiya nizomi uni imzolagan mamlakatlarga «faqat favqulodda vaziyatlarda» boshpana taqdim etishni cheklash imkonini berishidan xavotirda ekani, bu esa «yangi voqeliklar»ga zidligi keltirilgan. Bundan tashqari, hujjat mualliflarining ta’kidlashicha, Yevropa davlatlarining ko‘proq muhojirlarni qabul qilish imkoniyati ayrim xorijliklar «jamiyatga qo‘shilishga intilmayotgan» vaziyatlarda murakkablashmoqda.
«Biz duch kelayotgan muammolar doirasini kengroq ko‘rib chiqishimiz kerak. Xalqaro himoya uchun arizalarni qabul qilish va [qochoqlarni] chiqarib yubormaslik tamoyiliga rioya qilishning muqobil variantlari yo‘qligi, albatta, chuqur muhokamani talab qiladi», — deyiladi xabarda.