Reuters: Tramp ma’muriyati 240 ming ukrainalik qochoqni huquqiy maqomidan mahrum etishni rejalashtirmoqda
Bu boradagi qaror aprel oyida qabul qilinishi kutilmoqda. Ukrainalik qochoqlar uchun mo‘ljallangan dasturning bekor qilinishi Tramp va Zelenskiy o‘rtasidagi tortishuvdan oldinroq boshlangan edi.

Foto: Reuters
AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati 2022 yildan keyin kelgan 240 mingga yaqin ukrainalik qochoqni huquqiy maqomidan mahrum qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Reuters agentligi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu boradagi qaror aprel oyida qabul qilinishi kutilyapti va u ukrainaliklar deportatsiyasini tezlashtirishga olib kelishi mumkin.
Ukrainalik qochoqlar uchun mo‘ljallangan dasturning bekor qilinishi Tramp va Zelenskiy o‘rtasidagi tortishuvdan oldinroq boshlangan edi. Reuters manbalari Tramp ma’muriyatining ushbu qadamini Jo Bayden davrida vaqtinchalik boshpana taqdim etish bo‘yicha gumanitar dasturlar doirasida mamlakatga kelgan 1,8 millionga yaqin migrantni huquqiy maqomdan mahrum qilish tashabbusining bir qismi deb atamoqda.
Mazkur tashabbus doirasida Tramp ma’muriyati, shuningdek, mart oyidan 530 ming kubalik, haitilik, nikaragualik va venesuelalikka gumanitar yordam ko‘rsatishni bekor qilishni rejalashtirgan.
AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi matbuot kotibi Trisha Maklaflin idora bu borada hech qanday izoh bermasligini ma’lum qildi. Oq uy va Ukraina elchixonasi agentlik so‘rovlariga javob qaytarmagan.
Mavzuga oid

13:19
Mask: Starlink hech qachon Ukrainadagi o‘z terminallarini o‘chirib qo‘ymaydi

23:40 / 09.03.2025
Ukraina Qrim ko‘prigini butunlay yakson qilish bo‘yicha yangi operatsiya tayyorlamoqda

20:11 / 09.03.2025
Rossiyalik harbiylar Sudjaga gaz quvuri orqali hujum qildi

19:14 / 09.03.2025