Jahon | 17:14 / 04.03.2025
2597
3 daqiqa o‘qiladi

Politico: YeI Vengriyaning e’tirozi sabab Ukrainaga 20 mlrd yevrolik harbiy yordam paketi ajratishni to‘xtatib qo‘ydi

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen «Yevropani qayta qurollantirish» rejasini taqdim etdi - uning doirasida mudofaaga 800 mlrd yevro ajratiladi. Ammo rejadan Ukrainaga yangi harbiy yordam paketini ajratish bandi olib tashlandi.

Foto: AP

Yevropa Ittifoqi Vengriyaning e’tirozi sabab Ukrainaga 20 milliard yevrolik yangi harbiy yordam paketi ajratish ustidagi ishni to‘xtatib qo‘ydi. Bu haqda YeI kengashi hujjati loyihasiga tayanib Politico xabar berdi. Ushbu paket tayyorlanayotgani haqida 21 fevral kuni Politico va Bloombergʼning diplomatik manbalari xabar bergandi. Uning ichidan artilleriya snaryadlari, havo hujumidan mudofaa tizimlari va raketalar o‘rin olishi kerak edi.

4 mart kuni Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen «Yevropani qayta qurollantirish» rejasini taqdim etdi — uning doirasida Yevropa davlatlari mudofaasi uchun yaqin yillarda qo‘shimcha 800 milliard ajratiladi. Mazkur mablag‘larning 650 milliard yevrosi to‘rt yil davomida mudofaa xarajatlarini YaIMning 1,5 foiziga oshirish hisobiga qoplanadi. 150 milliard esa Yevropa davlatlariga zayomlar ko‘rinishida taqdim etiladi.

Nashrning aniqlashicha, fon der Lyayyenning rejasida Ukrainaga 20 milliard yevrolik qurollarni yetkazib berish bo‘yicha band ham bo‘lishi kerak edi, ammo Budapesht bunga keskin qarshilik bildirgan. Vengriya YeI davlatlari elchilari uchrashuvida ushbu bandga veto qo‘ygan. Bu Oq uyda Volodimir Zelenskiy, Donald Tramp va Jyey Di Vens ishtirokida yuz bergan tortishuvdan keyin sodir bo‘lgan.

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban YeI davlatlari yetakchilari orasida nisbatan «rossiyaparast» hisoblanadi. Urush vaqtida u Moskvaga borib, RF prezidenti Vladimir Putin bilan muloqot qilgan. 1 mart kuni u Yevroittifoqni Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni boshlashga chaqirgandi.

Fevral oxirlarida Vengriya YeIdan sakkiz nafar rossiyalikni «qora ro‘yxat»dan chiqarishni talab qildi — aks holda mamlakat sanksiyalarning uzaytirilishiga qarshi chiqishini bildirgan. «Sistema» loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, Budapesht biznesmenlar Alisher Usmonov, Mixail Fridman va Pyotr Avenni sanksiyalardan chiqarishni talab qilgan.

Mavzuga oid