Jahon | 23:20 / 25.02.2025
5351
2 daqiqa o‘qiladi

Vengriya sakkiz nafar rossiyalik YeI sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarilishini talab qildi

Aks holda mamlakat sanksiyalarni uzaytirishga rozi bo‘lmaslik bilan tahdid qilyapti.

Foto: Getty images

Vengriya Yevroittifoqning sanksiyalar ro‘yxatidan sakkiz nafar rossiyalik chqarilishini talab qilmoqda — aks holda mamlakat sanksiyalarni uzaytirishga rozi bo‘lmaslik bilan tahdid qilyapti. Bu haqda Reuters yevropalik diplomatlarga tayanib xabar berdi.

Agentlik manbasi gap aynan kimlar haqida ketayotganiga oydinlik kiritmagan.

Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto 24 fevral kuni Budapesht Rossiyaning alohida fuqarolariga nisbatan sanksiyalarni uzaytirishga «shoshmayotgani»ni ma’lum qilgandi.

YeIning Ukrainaga qarshi boshlangan urushdan keyin joriy etilgan Rossiyaga qarshi sanksiyalari har yarim yilda uzaytiriladi. Ularni uzaytirish uchun blokka a’zo barcha davlatlarning roziligi kerak. Vengriya Bryusseldan biror-bir masalada yon bosishni talab qilib, bir necha bor sanksiyalarning uzaytirilishiga veto qo‘yish bilan tahdid qilgan. Ammo har safar Budapesht ularning uzaytirilishini qo‘llab-quvvatlagan.

Jismoniy shaxslar va iqtisodiy sohaviy sanksiyalar bir-biridan alohida uzaytiriladi. Yanvarda Vengriya iqtisodiy sanksiyalarni uzaytirmaslik bilan tahdid qilgandi — yakunda esa Budapesht va Bryussel o‘zaro kelishuvga erishdi. Uning doirasida Yevropa komissiyasi Vengriyani Ukraina orqali YeIga gaz tranzitini tiklash bo‘yicha muzokaralar tarkibiga kiritishga rozi bo‘ldi.

 

Mavzuga oid