WSJ: JPMorgan Rossiyadan yuborilgan 2 mlrd dollarni muzlatib qo‘ydi

Jahon 15:05 3715

AQSh hukumati ba’zi bank o‘tkazmalarini muzlatib qo‘yganidan so‘ng, JPMorgan banki Rossiyadan 2 milliard dollarni blokladi. Bu haqda 2 fevral, yakshanba kuni vaziyatdan xabardor manbalarga tayangan holda The Wall Street Journal (WSJ) xabar berdi. Bu pul Turkiyada "Rosatom" loyihasi asosida "Akkuyu" birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi uchun to‘lovga mo‘ljallangan edi.

Amerika rasmiylariga ko‘ra, Rossiya va Turkiya Gazprombank AES qurilishi uchun qariyb 9 milliard dollar kredit ajratishiga kelishib olgan. Nashrning ta’kidlashicha, hisoblardan tushgan pullar Turkiyaning Ziraat bankida hisobraqamlariga ega bo‘lgan Rossiya kompaniyalariga o‘tishi mumkin edi. Shartnoma imzolangan vaqtda Rossiya banki AQSh sanksiyalari ostida bo‘lmagan. Ular unga qarshi faqat 2024 yilning noyabrida joriy etilgan.

2022 yilning yozida Gazprombank, Amerika tomoniga ko‘ra, ushbu kelishuv doirasida Citi orqali Ziraat'dagi AES hisoblariga 3 milliard dollar o‘tkazgan. Keyin JPMorgan orqali 2 milliarddan bir oz ko‘proq pul o‘tkazildi, ammo JPMorgan orqali keyingi 2 milliard pul o‘tmadi, u muzlatib qo‘yildi.

AQSh Anqaraning munosabatidan qo‘rqib, pulni musodara qilmadi

Gazetaga ko‘ra, AQShning sobiq prezidenti Jo Bayden ma’muriyati dastlab bu pullarni musodara qilmoqchi bo‘lgan. Biroq, oxir-oqibat, Turkiyani «g‘azablantirmaslik» uchun ular shunchaki muzlatib qo‘yildi. Vashington pulning olib qo‘yilishi Anqara bilan barcha sohalarda: asirlar almashinuvi va terrorizmga qarshi kurashdan tortib, Suriyadagi vaziyatni barqarorlashtirish va G‘azo sektoridagi urushni tugatish harakatlarigacha bo‘lgan hamkorlikka putur yetkazishidan xavotirda edi.

Turkiya Energetika vazirligi WSJ'ga izoh berishdan bosh tortdi. Prezident Donald Tramp ma’muriyati vakilining aytishicha, hukumat «sanksiya rejimlarini qayta ko‘rib chiqishda va ularni chetlab o‘tishga urinayotganlarga qarshi choralar ko‘rishda» davom etadi.

"Rosatom" vakili nashrga Turkiya atom elektr stansiyasini qurish uchun ajratilgan barcha mablag‘lar loyihani moliyalashtirish va pudratchilarga haq to‘lash, shuningdek, Turkiyadagi boshqa ijtimoiy va moliyaviy majburiyatlar uchun sarflanganini tushuntirdi. «Uchinchi shaxslar ta’sirida nohaq ushlab qolingan mablag‘larga kelsak, biz bu masala hal bo‘lishini kutamiz», dedi u.

Ko‘proq yangiliklar: