Davlat chegarasidan o‘tishda «Elektron navbat» axborot tizimi joriy etiladi

O‘zbekiston 17:36 658

«O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali jismoniy shaxslar harakatlanishi hamda ular tomonidan tovar va transport vositalarini olib o‘tish jarayonlarini yanada soddalashtirish to‘g‘risida»gi hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, «Elektron navbat» avtomatlashtirilgan axborot tizimidan foydalangan holda, avtotransport vositalarining Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktidan harakatlanish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.

Bunda xizmatdan foydalanish uchun Bojxona qo‘mitasining rasmiy veb-sayti yoki navbatlarni boshqarish tizimi joriy etilgan kutish zonasida navbat olish mumkin.

Avtotransport vositasi navbatlarni boshqarish tizimida belgilangan vaqtda yetib kelmaganda, olingan elektron navbat o‘z kuchini yo‘qotadi.

Shuningdek, qarorga ko‘ra, «Jismoniy shaxslarning Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktidan harakatlanishida «Fast-track» xizmatidan foydalanish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, xizmatdan foydalanish uchun jismoniy shaxslar yoki yuridik shaxsning vakili Bojxona qo‘mitasining rasmiy veb-sayti yoki elektron to‘lov tizimlari orqali harakatlanishdan oldin elektron yoki o‘tkazish punktiga harakatlanish chog‘ida og‘zaki ravishda murojaat qiladi.

Xizmatdan foydalanadigan shaxslar hamda ularning qo‘l yuki va bagajlari nazorati ushbu xizmat uchun ajratilgan alohida joylarda davlat nazorati organlari tomonidan navbatsiz amalga oshiriladi, mazkur xizmatdan foydalanayotgan jismoniy shaxslar navbati bundan mustasno.

Xizmatdan foydalanganlik uchun to‘lov 18 yoshga to‘lgan har bir jismoniy shaxs uchun navbat olinadigan kundagi BHM 15 foizi miqdorida to‘lanadi.

Ko‘proq yangiliklar: