«Tinchlik har qachongidan yaqinroq» - Zelenskiyning intervyusidan asosiy gaplar

Jahon 16:41 / 03.02.2025 8258

Prezident Volodimir Zelenskiy Amerikadagi Associated Press axborot agentligi jurnalistlariga bir soatlik intervyu berib, unda Rossiyaning uch yillik keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan buyon Ukraina tinchlikka har qachongidan ko‘ra ko‘proq yaqinlashgani haqida gapirgan. Shu bilan birga, u urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarni Ukraina vakillari ishtirokisiz o‘tkazish xavfli ekanini aytgan.

Boshqa gaplar qatori Zelenskiy AQSh prezidenti Donald Trampning Oq uyning oldingi ma’muriyatidan farqli o‘laroq, Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan gaplashishga tayyorligini bildirgan bayonotlarini sharhladi. 

AP jurnalisti Ukraina prezidentidan Tramp va Putinning uchrashuvi Kiyevdagilar ishtirokisiz o‘tishi ehtimolini xiyonat deb hisoblaysizmi deb so‘ragan.

Zelenskiy bunga javoban butun dunyo barqarorligi uchun Rossiya o‘zini bu urushda g‘olib deb his qilmasligi juda muhimligi, chunki bu holda boshqa yirik davlatlar uning harakatlarini takrorlash haqida o‘ylab qolishi mumkinligini aytgan.

«Men agar Amerika va Rossiya Ukraina haqida Ukrainasiz to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokara qilsa, bu juda xavfli bo‘ladi deb hisoblayman. Ularning o‘z munosabatlari bo‘lishi mumkin. Ammo Ukraina to‘g‘risida bizsiz gapirish — hamma uchun xavfli», — degan Ukraina prezidenti.

Zelenskiy, shuningdek, Rossiya bilan muloqotdan oldin u shaxsan Tramp bilan uchrashishi kerakligini ta’kidladi. 

«Biz va prezident Tramp harakatlar rejasini gaplashib olsak va bu urush qanday tugatilishi haqida tushunchaga ega bo‘lsak, [Rossiya bilan] qandaydir kontaktlar bo‘lishi mumkin. Bu juda muhim va butun Yevropa xohlaydigan narsa. Shundan keyin, agar u shuni istasa, ruslar bilan gaplashishi mumkin — va bu normal holat», — degan Zelenskiy.

Zelenskiy Tramp bilan oxirgi uchrashuvida AQShning yangi prezidenti lavozimga kirishganidan keyin imkon qadar tez fursat ichida muzokaralar o‘tkazishga kelishib olishganini qo‘shimcha qilgan.

Tramp bir necha marta imkon qadar tez fursatlarda Putin bilan telefon orqali muloqot qilib, keyin esa Ukrainadagi urushni yakunlash uchun uchrashuv o‘tkazmoqchi ekanini bildirgan. U bunday muzokaralarga Zelenskiy ham jalb etilishi mumkinligi borasida hech narsa demagan.

Shu bilan birga, AQShning yangi prezidenti Rossiya zudlik bilan bosqinni to‘xtatishi lozimligini aytib, aks holda unga qarshi yangi sanksiyalar qo‘llash bilan tahdid solgan.

«Men hisoblaymanki, Tramp bilan muloqotimizdan keyin biz ruslar bilan muloqot formatiga o‘tishimiz kerak. Va men istardimki, muzokaralar stolida birinchi navbatda Amerika Qo‘shma Shtatlari, Ukraina va ruslar bo‘lishi kerak, chunki ular bizga qarshi jang qilmoqda, — deydi Zelenskiy. — Va, to‘g‘risini aytsam, yevropaliklar ovozi, Yevropa Ittifoqi ovozi ham bo‘lishi kerak. Bu adolatli va samarali bo‘lishiga ishonaman».

Zelenskiy: «Biz o‘z davlatimizni saqlab qoldik»

Rossiya hukumati Amerikaning yangi ma’muriyati bilan muzokaralarga tayyorligi va bu borada Vashingtondann «signal» kutayotganini aytib keladi.

Shu bilan birga, Rossiya prezidenti Vladimir Putin yaqinda Ukrainada o‘zi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishga qo‘yilgan taqiq amalda ekan, Zelenskiy bilan kontaktga kirisha olmasligini bildirgandi. Putin shuningdek mamlakatda prezidentlik saylovlari o‘z vaqtida o‘tkazilmagani tufayli Zelenskiyning davlat rahbari sifatidagi legitimligini ham shubha ostiga olgan.

2022 yil kuzida Rossiya o‘z konstitutsiyasida Ukrainaning to‘rt oblasti anneksiya qilinganini mustahkamlab qo‘yganida, Ukraina qurolli kuchlari esa Xarkiv va Xerson oblastlarida muvaffaqiyatli qarshi hujum amaliyotlari o‘tkazganidan keyin Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishga taqiq o‘rnatgandi. Ukrain qonunchiligi mamlakatda harbiy holat amal qilib turganida saylovlar o‘tkazilishini ham taqiqlaydi; ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, Ukraina aholisining aksari bunday taqiqni to‘g‘ri deb hisoblaydi.

Associated Press uchun intervyuda Zelenskiy urushni 100 kun ichida yakunlash rejasi yuzasidan ham munosabat bildirgan, bu haqda yaqinda Trampning Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog gapirgandi.

U Rossiya urushni haqiqatan to‘xtatishga yoki biror yo‘ldan qaytishga tayyor emasligini ta’kidlab, Kreml har qanday tisarilishni mag‘lubiyat deb hisoblashini ta’kidlagan. Shu sababli u Amerikaning yangi ma’muriyati ukrain armiyasini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish, Rossiya energetika va bank tizimiga sanksiyalar qo‘llash orqali Putinni muzokaralarga majbur qilishi mumkin deb hisoblaydi.

O‘z jamoasining Tramp ma’muriyati bilan kontaktlari haqidagi Zelenskiy Ukraina hozircha Tramp ma’muriyati bilan «umumiy darajada» muloqot qilib kelayotgani, yaqin orada bevosita uchrashuvlar rejalashtirilganini aytgan.

Jurnalistlar Rossiya bosqini boshlanganining uch yilligi haqida eslatganida Zelenskiy hozir tinchlik har qachongidan yaqinroq ekani, Ukraina esa Rossiya tajovuziga qarshi muvaffaqiyatli qarshilik ko‘rsata olganini aytib o‘tgan.

«Biz kurashyapmiz, yashayapmiz, tinchlikni yaqinlashtirish uchun hammasini qilyapmiz. Biz bunga yaqinmiz — har qachongidan ham yaqinmiz, — dedi Ukraina prezidenti. — Biz o‘z davlatimizni, mustaqilligimizni, yurtimizni, poytaxtimizni, ko‘plab turli shahar va qishloqlarimizni himoya qildik. Afsuski, ko‘p odamlarimizni yo‘qotdik. Men qahramonlarimiz bilan juda faxrlanaman».

Prezidentlik poygasi davrida Donald Tramp Ukrainadagi urushni «24 soat» ichida yakunlashga va’da bergandi. Ammo AQSh prezidentligi saylovlarida g‘alaba qozongach, urushni yarim yil ichida yakunlash mumkinligi haqida gapira boshladi.

Zelenskiy yana nimalar dedi?

Zelenskiy NATO a’zoligi haqida ham gapirib, buni Ukraina xavfsizligini kafolatlashning «eng arzon varianti» deb atab, Tramp uchun ham foydali bo‘lishini aytib o‘tgan. «Bu NATOda kim bo‘lishi va kim bo‘lmasligini Rossiya emas, AQSh hal qilishi haqidagi signal bo‘ladi. O‘ylaymanki, bu Tramp uchun katta g‘alaba bo‘lardi», — degan u.

U xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha boshqa takliflar AQSh va Yevropa tomonidan yetarlicha qurol-yarog‘ yetkazib berish hamda Kiyevning o‘z mudofaa sanoatini qo‘llab-quvvatlash bilan mustahkamlanishi kerakligini ta’kidlagan.

Bundan tashqari, Zelenskiy AQShning yangi davlat kotibi Marko Rubioga yuzlanib, uning Ukraina 100 yil orqaga uloqtirilgani haqidagi so‘zlariga javoban uni mamlakatga kelishga taklif qilgan. «Biz odamlar Ukraina nafaqat Rossiyani yenga oladi, balki Qrim qo‘shib olinguniga qadar bo‘lgan 2012–2014 yillardagi chegaralariga qayta oladi, deb ishonishiga sababchi bo‘ldik. Natijada esa ular so‘rayotgan narsa — Ukraina 100 yil ortga uloqtirilgan va energetika tarmog‘i vayron bo‘lgan holatida odamlarning azob-uqubatlari bilan cho‘zilgan boshi berk vaziyatni moliyalashtirish bo‘ladi», — degandi Rubio 31 yanvar kuni jurnalist Megin Kelliga bergan intervyusida.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rubio «Rossiya nimalar qilganini ko‘rish uchun Ukrainaga kelishi kerakligi»ni aytdi. «Ukrain xalqi nimalar qilganini, Ukraina va butun dunyo xavfsizligi uchun nima qila olganini ko‘rish uchun va shunchaki bu odamlar bilan gaplashish uchun», — deya qo‘shimcha qilgan Zelenskiy.

Keyinroq u ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida intervyudan parcha ulashdi va Putin Ukraina bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishdan qo‘rqishini aytdi. «Uning fikricha, bu uning mag‘lubiyati, zaifligini ko‘rsatishi bo‘ladi. Buning o‘rniga bu G‘arb va Rossiya o‘rtasidagi urush ekani haqidagi eski narrativni ilgari suradi, chunki Ukrainaga yutqazishini tan olish uning uchun chidab bo‘lmas holat», — deya yozgan Zelenskiy. Uning so‘zlariga ko‘ra, Putin «jon-jahdi bilan muloqot qilishni istashi haqida signal bermoqda», ammo Ukraina bilan emas, balki Tramp bilan.

Zelenskiy «gap alohida odamlarda emas — gap Putinning o‘z davlati ichidagi pozitsiyasida» ekanini qo‘shimcha qilgan. «U Ukraina suveren sub’yekt emasligini, NATO hamda G‘arb bilan jang qilarkan, nima uchun Ukraina bilan gaplashishi kerakligini ko‘rsatmoqchi. U o‘z xayolida Amerika bilan jang qilyapman va g‘alaba qozonyapman deb hisoblaydi», — deb yozdi Zelenskiy.

Ko‘proq yangiliklar: