O‘zbekistonda “Ona uyi” xayriya loyihasi taqdimoti o‘tkazildi

O‘zbekiston 15:23 977

Toshkentda og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan ayollarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy yetimlikning oldini olishga qaratilgan “Ona uyi” loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. 2024 yilda O‘zbekistonda ishga tushirilgan ushbu loyiha Toshkent va Samarqandda o‘z samarasini isbotladi, bu yerda o‘nlab ayollar va bolalarga yordam bergan uchta uy ochildi.

 Loyiha Savdo–sanoat palatasi va O‘zbekiston Respubikasi Prezidenti huzuridagi ijtimoiy himoya milliy agentligi hamkorligida o‘zbekistonlik va qozog‘istonlik ishbilarmon doiralari vakillarini birlashtirgan holda faoliyat boshlagan.

Loyihaning asosiy tashabbuskori – Qozog‘iston tadbirkorlari tomonidan tashkil etilgan «Ana Үyі» jamoat fondi bo‘lib, uning asosiy maqsadi Markaziy Osiyoda ijtimoiy yetimlik muammosini hal qilishdan iborat.

2024 yilda O‘zbekistonda erishilgan dastlabki yutuqlar:

  • 60 nafar bola tashlab ketilmasdan yoki olib ketilmasdan onalari bilan qoldi.
  • 45 nafar ayol inqirozli vaziyatlarda, jumladan, oiladagi zo‘ravonlik holatlarida yordam oldi.

Hozirda “Ona Uyi” xavfsiz joy, huquqiy va psixologik yordam va yangi hayot boshlash imkoniyatini taqdim etish orqali ayollar va ularning farzandlari hayotini o‘zgartirmoqda.

 “Men  bu  loyihada uch yildan beri ishlab kelaman. 15 yildan beri xayriya ishlari bilan shug‘ullanaman va bizda ikki yirik loyiha mavjud.  Bir kuni do‘stim menga yetim bolalar haqida gapirdi. U mening og‘riqli nuqtamga tegdi, chunki men ham ota – onamdan erta ayrilganman. Bu qanday og‘riq ekanini yaxshi bilaman. Har bir bola oilasi bo‘lishiga haqli. 

Men tadbirkorman, shaxsan borib yordam berishga vaqt topilmaydigan paytlar ko‘p bo‘ladi. Ammo ishim orqali, ya’ni moliyaviy tomondan yordam berish imkoniyatim bor. Tadbirkorning vazifasi, avvalo, moliyaviy yordam berishdir”, deydi qozog‘istonlik tadbirkor Almaz Tultayev.

Tadbirda ishtirok etgan yetakchi tadbirkorlardan biri Zafar Hoshimov bu loyihadagi ishtiroki haqida gapirdi:

“Ijtimoiy himoya agentligi va Savdo-sanoat palatasi tadbirkorlarni to‘plab, Qozog‘istondagi do‘stlarimizning xayriya ishlarini tizimlashtirishi yaxshi tajriba bo‘ldi. 3 ta loyiha haqida gap ketyapti, ulardan biri “Ona uyi” loyihasi. Ya’ni qiyin ahvolga tushib qolgan onalar ayrim paytlarda o‘z farzandlaridan kechishga majbur bo‘lishadi. Shunday onalarga yaxshi sharoitlar yaratib berish, o‘sha yerda 6-12 oy ichida ularga kasb o‘rgatish, farzandlari ularning bag‘rida bo‘lishi, ona uchun bolani yoki bola uchun onani saqlab qolish loyihasini ko‘rsatishdi. O‘zbekistonda ham Toshkentda 2 ta, Samarqandda 1 ta “Ona uyi”ni ochish yo‘lga qo‘yiladi. Hamma viloyat markazlarida shunday uylar bo‘lishi foydali va yaxshi tashabbus bo‘lardi. Shunday filiallardan biriga homiylik qilishni bo‘ynimga oldim”, - dedi tadbirkor.

O‘zbekistonda loyihani kengaytirish rejasi:

2026 yilga qadar hududlarda yana 7 ta “Ona uyi” markazlarini ochish rejalashtirilgan:

  • 2025: Andijon, Buxoro, Urganch.
  • 2026: Termiz, Navoiy, Jizzax, Guliston.

Har bir uy quyidagilarni taqdim etadi:

  • Ayollar va bolalar uchun vaqtinchalik boshpana.
  • Yuridik va psixologik yordam.
  • Ta’lim va mehnatga yo‘naltirish dasturlari.

“Ona Uyi” taqdimoti biznes va hukumat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim bosqich bo‘ldi. Faol tadbirkor ayollardan biri Luiza Sharaxmetova ayol va qizlarning tadbirkorlik mahoratlarini oshirishga qaratilgan treninglarni tashkil etish orqali bu loyihaga o‘z hissasini qo‘shishni maqsad qilganini ta’kidladi.

Ko‘proq yangiliklar: