Azerbaijan Airlines «xavfsizlikni ta’minlash maqsadida» Astraxanga parvozlarini to‘xtatdi

Jahon 16:52 / 03.02.2025 900

Azerbaijan Airlines (AZAL) aviakompaniyasi parvozlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida Bokudan Astraxanga reyslarini noma’lum muddatga to‘xtatadi. Bu haqda aviatashuvchining matbuot xizmati xabar berdi.

AZAL’ning qarori so‘nggi vaqtlarda Rossiya hukumati Astraxan ustidagi havo hududini tez-tez yopayotgani sabab qabul qilingan.

Astraxan, Qozon, Nijnekamsk, Saratov va Ulyanovsk aeroportlari Ukraina dronlarining hujumlari fonida 3 fevral kechasi parvozlarga vaqtincha cheklov joriy etgandi. Mahalliy hukumat bayonotiga ko‘ra, Astraxan oblastida dronlar yonilg‘i-energetika majmualariga hujum qilishga uringan.

Azerbaijan Airlines Boku—Astraxan—Boku yo‘nalishi bo‘yicha chipta xarid qilgan yo‘lovchilarga pullar to‘liq qaytarilishi yoki chiptalar almashtirib berilishini ma’lum qildi. «AZAL vaziyatni diqqat bilan kuzatib, yo‘lovchilarni jadvallardagi har qanday o‘zgarishlardan o‘z vaqtida xabardor qilib bormoqda», — deya qo‘shimcha qiladi aviakompaniya.

Bokudan Grozniyga uchgan Azerbaijan Airlines samolyoti 25 dekabrda Oqtov shahriga majburiy qo‘nish vaqtida halokatga uchragan edi. Hodisa oqibatida 38 kishi halok bo‘lgan. Euronews va Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, samolyotning qulashiga Rossiyaning Havo hujumidan mudofaa tizimlari sababchi bo‘lgan.

Halokat sabablari hozirgacha rasman e’lon qilinmadi. Shu bilan birga Rossiya prezidenti Vladimir Putin halokatdan ko‘p o‘tmay Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevga qo‘ng‘iroq qilib, «Rossiya havo makonida sodir bo‘lgan fojia» uchun uzr so‘ragan edi. Aliyev esa Rossiya samolyotning qulashida «o‘z aybini tan olishi kerakligini» ma’lum qilgan.

AZAL samolyoti halokatidan keyin bir qator xorij aviakompaniyalari Rossiyaga reyslarini bekor qildi. Xususan, Azerbaijan Airlines RFning qator shaharlariga parvozlarini to‘xtatib qo‘ydi.

Ko‘proq yangiliklar: