Astraxan va Volgograd oblastlariga dronlar hujum qildi

Jahon 12:02 2448

3 fevral, dushanbaga o‘tar kechasi Rossiyaning bir qancha hududlari uchuvchisiz uchish apparatlari tomonidan hujumga uchradi. Astraxan oblastida dronlar yoqilg‘i-energetika kompleksi obektlariga zarba berishga urindi, dedi gubernator Igor Babushkin. U javobgarlikni Ukraina Qurolli kuchlari zimmasiga yuklagan, uchuvchisiz uchoqlar soni va qanchasi yo‘q qilinganiga aniqlik kiritmagan.

Kamida bitta dron qulagan va bu yong‘inga sabab bo‘lgan, deya qo‘shimcha qildi Babushkin tafsilotlarni keltirmasdan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hech kim jabrlanmagan. Hujum nishoni gazni qayta ishlash zavodi bo‘lib, obektga o‘t o‘chirish mashinalari jo‘natildi, deb tushuntirdi Baza Telegram-kanali mahalliy aholiga tayanib.

Baza: Volgograd yaqinida "Lukoyl"ga tegishli zavodga hujum uyushtirildi

Volgograd yaqinida «Lukoyl»ga tegishli neftni qayta ishlash zavodiga uchuvchisiz uchoq tomonidan hujum qilindi, deb yozadi Baza. Unga ko‘ra, reyddan so‘ng shaharning bir qator hududlarida elektr ta’minotida uzilishlar sodir bo‘lgan. Rasmiylar nashr paytida voqea haqida hech qanday izoh bermagan. Telegram-kanal obunachisining so‘zlariga ko‘ra, uning uyi tomiga vayronalar tushgan, biroq u dron yoki raketaning bo‘laklari haqida gapirayotganiga aniqlik kiritmagan.

2 fevral kuni kechqurun Volgograd aeroporti ikki soat davomida reyslarni qabul qilmadi yoki jo‘natmadi, dedi Rosaviatsiya matbuot kotibi Artem Korenyako. 3 fevral kuni ertalab Astraxan, Qozon, Nijnekamsk, Saratov va Ulyanovsk aeroportlarida parvozlarga cheklovlar joriy etildi.

Ko‘proq yangiliklar: