TikTok ruslar haqorat qilingan qozoqcha qo‘shiqni o‘chirib tashladi

Jahon 20:37 2507

TikTok ijtimoiy tarmog‘i Qozog‘iston rasmiylarining murojaatidan keyin ruslarga nisbatan haqoratli so‘zlarni o‘z ichiga olgan «You, orislar» qozoqcha qo‘shig‘ini o‘chirib tashladi. Bu haqda madaniyat va axborot vazirining o‘rinbosari Yevgeniy Kochetov ma’lum qildi.

«2025 yil 27 yanvarda TikTok onlayn platformasi ma’muriyati tomonidan noqonuniy kontentni o‘chirish choralari ko‘rildi», — deyiladi xabarda.

Vazirlik qo‘shiq yoki uning parchalarini o‘chirish so‘rovini qator platformalarga yuborgan bo‘lib, hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu qo‘shiq «22 ta chet el internet resursida tarqatilgan»: TikTok’da 12 marta, YouTubeʼda — 8 marta, «VKontakte»da esa 2 marta ulashilgan.

Bundan tashqari, vazirlik Instagramʼdagi QazNews24 satirik akkauntidan qo‘shiq parchasi e’lon qilingan postni o‘chirib tashlashni talab qilgan. Ushbu post sabab yanvar o‘rtalarida sahifa administratori Temirlan Yensebek hibsga olingan edi. Unga qarshi «ijtimoiy, milliy, irqiy, sinfiy yoki diniy adovatni qo‘zg‘atish» moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Agar u sudda aybdor deb topilsa, 2 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Qozog‘istonda «Satira — jinoyat emas» shiori ostida Yensebekni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. Politsiya departamenti uning hibsga olinishi satirik postlarga bog‘liq emasligini bildirgan. «Sabab boshqa joyda — u butun boshli etnik guruh vakillariga nisbatan haqorat sifatida ifodalangan, milliy adovatni qo‘zg‘atuvchi aniq belgilarni o‘z ichiga olgan materialni joylashtirgan», — deyiladi departament izohida.

Orda.kz’ning yozishicha, ushbu kompozitsiya 2000 yillarda yozilgan, uning muallifi kim ekani noma’lum. Qo‘shiq YouTube va «VKontakte»ga yuklangan, 2022 yildan keyin esa TikTokʼda trendga aylangan.

Ko‘proq yangiliklar: