O‘zbekiston, Turkiya va Ozarboyjon suverenitetga bo‘lgan tahdidlarga birgalikda qarshi turishini e’lon qildi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun yana bir sohada importga boj kiritilyapti. Quyosh panellari bo‘yicha “tajriba to‘plagan” prokuratura organlari bu yil yuz minglab uylarga panel o‘rnatishga bosh-qosh bo‘ladi. Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa muhim xabarlari – odatdagidek Kun.uz dayjestida.
Ozarboyjon va Turkiya bilan aloqalar qalinlashmoqda
O‘zbekiston yana bir ittifoqchisi – Ozarboyjon bilan ham ID-kartalarni o‘zaro tan olish masalasini muhokama qilyapti. Kuni kecha ikki davlat rasmiylari bu borada onlayn uchrashuv tashkil etdi. Agar muzokaralar muvaffaqiyatli yakun topsa, vatandoshlar xorijga chiqish pasportini olmasdan, agar pasporti bo‘lsa ham, undan foydalanmasdan, ID-karta orqali o‘zaro bordi-keldi qilishi mumkin bo‘ladi.
Bunday tartib 2023 yildan beri O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida amal qilib kelyapti. O‘tgan yili Qozog‘iston va Tojikiston bilan ham shunday kelishuvga erishish rejalashtirilgani e’lon qilingan. Kelgusida bu masala Turkiya bilan ham kun tartibiga chiqishi mumkinligini taxmin qilish mumkin: turk qardoshlar allaqachon Ozarboyjon, Gurjiston va Ukraina bilan ID-karta rejimiga o‘tishgan.
Chorshanba kuni Anqarada O‘zbekiston–Ozarboyjon–Turkiya uch tomonlama muloqot formatining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda uchta turkiy davlatning tashqi ishlar, savdo va transport vazirlari ishtirok etib, o‘zaro savdo-sotiqni soddalashtirish, Yevropa va Xitoy o‘rtasidagi O‘rta koridor salohiyatini ro‘yobga chiqarish kabi masalalarni muhokama qildi. Yig‘ilish yakunida qabul qilingan Anqara deklaratsiyasida yozilishicha, tomonlar ko‘plab masalalar, xususan bir-birining suvereniteti, hududiy yaxlitligi va chegaralarning buzilmasligini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi, suverenitetga bo‘lgan har qanday tahdidlarga nisbatan birgalikda chora ko‘radi.
Bu anjuman fonida, O‘zbekiston Turkiyadan yana harbiy dronlar sotib olishi haqida xabarlar tarqaldi. Turk manbalarining yozishicha, Turkish Aerospace kompaniyasi tez orada O‘zbekistonga ANKA dronlarini yetkazib berishni boshlashi kutilyapti. Nechta uchuvchisiz apparat haqida gap ketayotgani ma’lum emas. Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida Turkiyaning Bayraktar TB2 dronlari borligi ma’lum bo‘lgandi. Mudofaa vaziri Shuhrat Xolmuhamedovning 2024 yil dekabridagi bayonotiga ko‘ra, armiya mashg‘ulotlarida asosiy e’tibor uchuvchisiz uchish apparatlarini qo‘llash va ularga qarshi kurashishga qaratilmoqda.
Import dori-darmonlarga boj solinmoqda
Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash vaji bilan, yana bir toifa mahsulotlar importiga boj kiritilyapti. Shu hafta e’lon qilingan farmonga ko‘ra, 1 apreldan e’tiboran ko‘plab turdagi dori-darmonlarni O‘zbekistonga olib kirishda 2 foizlik import boji joriy etiladi. Bojga tortiladigan farmatsevtika mahsulotlari qatoriga antibiotiklar, og‘riq qoldiruvchi, yallig‘lanishga qarshi, virusga qarshi, qandli diabetga qarshi dori vositalari, kardiologik, gormonal va antigistamin preparatlar, o‘smaga qarshi dorilar hamda dori vositasi maqomiga ega vitamin va biologik faol qo‘shimchalar kiritilgan.
Farmatsevtika agentligi direktori Abdulla Azizovning aytishicha, dori importiga boj kiritishdan maqsad – mahalliy ishlab chiqaruvchilarga ko‘mak berish. U bunday boj boshqa davlatlarda ham borligi, O‘zbekiston “bor-yo‘g‘i 2 foiz”lik stavka o‘rnatayotgani uchun narx-navo o‘zgarmasligini aytdi.
Bu farmon bilan, shuningdek, 1 apreldan boshlab retsepsiz sotiladigan dorilarga nisbatan narx cheklovi bekor qilinadi. Azizovning so‘zlariga ko‘ra, hozir mamlakatda ro‘yxatga olingan dori vositalarining 14 foizi retsepsiz beriladigan preparatlar toifasiga kiradi. Cheklov bekor qilingach, ularning narxi oshishi mumkin, lekin raqobat tufayli 4-5 oyda yana narxlar tushadi, deya ishontirdi Farmagentlik rahbari.
Shifokor retsepti asosida sotiladigan dorilar narxi ustidan nazoratni osonlashtirish uchun esa yangi mobil ilova ishlab chiqilmoqda. Abdulla Azizovga ko‘ra, ilova taxminan 15 fevralgacha e’lon qilinadi va u orqali dorixonaga kirganda dori qutisidagi QR kodni skanerlab, uning maksimal ruxsat etilgan narxini ko‘rish mumkin bo‘ladi.
“Hozirgi kunda referent narxlar bo‘yicha olib borayotgan faoliyatimiz to‘g‘ridan to‘g‘ri narxlarning tushishiga olib keladi. Ijtimoiy nazoratning keskinlashishi ham narx tushishiga olib keladi. Bu farmon bilan biz to‘g‘ri mexanizmni yo‘lga qo‘yish orqali, kutishimiz kerak bo‘lgan narsa – narxlar tushishi”, – dedi Farmatsevtika agentligi direktori.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili 1 apreldan QQS imtiyozi bekor qilingach, dori-darmonlar narxi rasmiy statistika bo‘yicha 26 foizga qimmatlashgan edi. Abdulla Azizov dori vositalari uchun QQS qayta ko‘rib chiqilishiga va’da berdi.
Quyosh panellari bo‘yicha katta topshiriq – prokuratura nazoratida
Quyosh panellari o‘rnatishni keskin ko‘paytirish – energetika sohasida bu yil ham ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘ladi. Bu haqda prezident huzuridagi yig‘ilishda ma’lum qilindi. Quyosh panellari o‘rnatishni avvalgi yillardagi kabi yana prokuratura organlari nazorat qiladi. Bosh prokuror o‘rinbosari Shohrux Aminovning aytishicha, 2025 yilda aholi, kichik biznes va ijtimoiy soha obektlari tomonidan iste’mol qilinadigan elektr energiyasining kamida 40 foizi qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga qoplanishi kerak.
“Ushbu vazifalar ijrosi so‘zsiz ta’minlanadi. Chunki Bosh prokuratura va hududiy prokuraturalarda bu kabi topshiriqlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha o‘tgan yili tajriba yaratilgan”, – dedi Aminov.
Bosh prokuratura axborotiga ko‘ra, prezident huzuridagi yig‘ilishda 250 mingta obekt, xususan 150 mingta xonadonda jami 600 MW quvvatli quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha topshiriq berilgan. Buning uchun 2 trillion so‘m imtiyozli kredit ajratiladi.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning ma’lum qilishicha, elektromobil egalariga va elektrlashtiriladigan xonadonlarga imtiyozli tariflar qilib berish bo‘yicha ham topshiriq berilgan. Mirzamahmudov avvalroq 1 yanvardan boshlab gazsiz yashayotgan aholi uchun elektr energiyasiga 50 foiz chegirma berilishini aytgani, lekin bu amalga oshmaganiga izoh bermagan. Mana, fevral kirib keldi va aytish mumkinki, gaz yetib bormagan joylardagi aholi ham qishni hamma qatori 200 kilovattlik limit bilan tugatishi aniq bo‘lib ulgurdi.
Avtomobil bilan bog‘liq firibgarliklar seriyasi
Avtomobil sotuvi bilan shug‘ullangan navbatdagi firibgarlarga sud hukmi o‘qildi. Green-Waatt, Quwwatt Motors, ZTY Car Energy, Ev Sky nomli kompaniyalar mansabdorlari – jami 6 kishi 4 yildan 9 yilgacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi. Ular odamlarga 100 dollardan 500 dollargacha miqdorlarda pul berib, roziligini olgan holda ularning nomiga kredit chiqartirgan, keyin esa kreditni to‘lamagan. Aldanganlar soni 203 nafar, ularga yetkazilgan zarar qiymati esa 62 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Shu kunlarda yana bir avtosalonchilar ishi sudda ko‘rilmoqda. Kun.uz surishtiruvidan keyin ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan “Allianse Motors” MChJ mansabdorlari ham firibgarlikda ayblanyapti. Ayblovga ko‘ra, ular mashina olib kelib berish haqida yolg‘on va’dalar berib, kamida 128 kishidan 46 mlrd so‘m olgan, keyin bu pullarni o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan. Ish bo‘yicha 9 kishi sudlanyapti. Ulardan biri Mirzo Ulug‘bek tumanidan 477 ming dollarga uy sotib olgani aytilyapti.
Avvalroq fuqarolarga oson shartlarda avtomobil olib berishni va’da qilib, go‘yoki “avtolizing” bilan shug‘ullangan “Umid avto” rahbari qo‘lga olingan edi. Bu ishda jabrlanuvchilar soni 200 kishidan oshadi. Bundan tashqari, o‘tgan hafta “Bilol’s Electric Motors” nomli avtosalon egasi ham qamoqqa olindi – u ham juda ko‘p miqdordagi firibgarlikda ayblanyapti. Bu holatda aldanib qolganlar soni 50 nafarga yaqin.
Shu tariqa, yuqorida sanab o‘tilgan to‘rtta jinoyat ishida avtomobil oldi-sotdisi bilan bog‘liq firibgarlikdan jabrlanganlar soni jami 600 nafarga yaqinni tashkil etmoqda.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
“O‘zbekiston havo yo‘llari” e’lon qilgan chegirma muhokamalarga sabab bo‘ldi. Kompaniya o‘zining 33 yilligi munosabati bilan 28 yanvar kuni sotiladigan chiptalarga 30 foiz chegirma e’lon qilgandi, lekin shu kuni tarmoqda UzAirways odamlarni aldagani aytilgan xabarlar tarqaldi. Kun.uz suhbatlashgan bir qator mijozlar ham narxda o‘zgarish sezmaganini aytdi. Kompaniya holatni arzon chiptalar tugagani bilan izohladi. Saytda kechqurun 1000 so‘m deb ko‘rsatilgan narx ertalab masalan 2500 so‘mga aylanib qolishi ham shundan, bu xalqaro tajriba, dedi UzAirways matbuot kotibi.
O‘zbekiston 2025 yilga 37,5 mln aholi bilan kirib keldi. 1 yanvar holatiga, mamlakatimizning doimiy aholisi 37 mln 543 ming kishini tashkil etgan. Rasmiy raqamlar tug‘ilish pasayganini ko‘rsatmoqda: o‘tgan yili O‘zbekistonda 926 mingta chaqaloq tug‘ilgan bo‘lib, bu 2023 yilga nisbatan 3,7 foizga, 2022 yilga nisbatan 0,6 foizga kam. To‘ylar ham kamayishda davom etyapti: 2024 yildagi nikohlanishlar soni oxirgi 10 yillik minimumga tushgan. O‘rtacha hisobda olganda, qizlar 22 yoshda turmushga chiqyapti, yigitlar esa 27 yoshda uylanishyapti.
2024 yilga oid yana bir statistika. Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yili mansabdor shaxslarning jinoyat sodir etishi holatlari keskin ko‘paygan. 2023 yilda 3,5 mingdan ortiq mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, 2024 yilda ularning soni 37 foizga oshib, salkam 5 mingtaga yetgan. Poraxo‘rlarning ushlanishi esa bir yilda 66 foizga ko‘payib, 353 kishiga yetgan. O‘tgan yili jinoyati fosh etilganlarning 71 nafari – respublika darajasidagi amaldorlar bo‘lgan.
Muallif – Komron Chegaboyev
Doimiy boshlovchi – Bobur Akmalov
Tasvir ustasi – Shohruzbek Abdurayimov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova