O‘zbekiston Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zosi Galina Matviyevskaya vafot etdi

O‘zbekiston 22:25 / 01.02.2025 1557

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zosi, fizika-matematika fanlari doktori, professor Galina Matviyevskaya 95 yoshida Orenburg shahridagi uyida vafot etdi. Bu haqda Fanlar akademiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Galina Matviyevskaya 1930 yilda Dnepropetrovskda tug‘ilgan. 1954 yilda Leningrad universitetining matematika-mexanika fakultetini tamomlagan, 1959 yilda SSSR Fanlar akademiyasi (hozirgi Tabiatshunoslik va Rossiya texnika Fanlar tarixi akademiyasi)ning institutida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. O‘sha yili u O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Matematika institutiga o‘rta asrlar Sharqidagi fanlar tarixi bo‘yicha tadqiqotlarni kuchaytirish uchun taklif qilingan. 1968 yilda u doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan (ilmiy maslahatchisi — akademik Sirojiddinov). U Boris Rozenfeld bilan birgalikda jahon fondlarida saqlanayotgan arab tilidagi matematika va astronomiyaga oid qo‘lyozmalar katalogini tuzgan, shogirdlari bilan birgalikda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutidagi matematik qo‘lyozmalarining tavsifini amalga oshirgan.

Matviyevskaya Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Shamsiddin Samarqandiy va Mirzo Ulug‘bek, Samarqandda faoliyat olib borgan Qozizoda Rumiy, Jamshid Koshiy va boshqa olimlarining ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish, shuningdek, ilm-fan tarixi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashdagi xizmatlari uchun Beruniy nomidagi O‘zbekiston davlat mukofoti (1974), «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi» faxriy unvoni (1980) bilan taqdirlangan. U O‘zbekiston Fanlar akademiyasi muxbir a’zosi (1984), so‘ngra Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi (2000) etib saylangan.

Galina Matviyevskaya YuNESKO tomonidan tabiiy fanlar tarixi bo‘yicha yirik mutaxassis sifatida tan olingan va Xalqaro fanlar tarixi akademiyasining (Parij) haqiqiy a’zosi etib saylangan. U al-Xorazmiy, Dekart, Beruniy, Ulug‘bek, V.I.Romanovskiy, Abdurrahmon as-So‘fiy haqida kitoblar nashr ettirgan, sharqshunoslik sohasiga ilmiy to‘plamlar tuzuvchisi va bosh muharriri bo‘lgan, Muhammad ibn Muso al-Xorazmiyning 1200 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan yubiley tadbirlarini o‘tkazishda faol ishtirok etgan.

Ko‘proq yangiliklar: